Skip to content Skip to footer

Ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tenghuquqlikni qo‘llab-quvvatlash.

Jamiyatda ayollar va erkaklar o‘rtasida tenglikni o‘rnatish insoniyat taraqqiyoti uchun ko‘pchilikning ongini band etadigan va sa’y-harakatlarini yo‘lga qo‘yadigan hayotiy muhim masaladir. Shubhasiz, jamiyatimizda ushbu o‘tish davrida O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrdagi “Ayollar va erkaklarning teng huquq hamda imkoniyatlarning kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni, shuningdek, mamlakatimiz bo‘ylab faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, tashabbuskor guruhlar va alohida shaxslarning hissasi tufayli mazkur tamoyilni qaror toptirish choralari ko‘rilmoqda. Ayollarga erkaklar bilan to‘liq tenglikni ta’minlashga qaratilgan bu harakatlarda har bir inson jamiyatda chuqur ildiz otgan stereotiplar va amaliyotlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelayapti.

Bugungi kunda biz gender tengligini targ‘ib qilish bo‘yicha jamoaviy sa’y-harakatlarni ilgari surayotgan omillardan biri, bu surunkali ijtimoiy muammo bo‘yicha davom etayotgan muloqot va mulohaza yuritishdir. Mulohaza yuritish uchun asos erkaklar va ayollarning tengligi jamiyat farovonligi, yoxud demokratik mamlakat belgisi sifatida erishilishi kerak bo‘lgan shart emas, balki inson voqe’ligi haqidagi asosiy haqiqat ekanligini tushunish bo‘lishi kerak. Inson voqe’ligi uning ruhidir; ruhning esa jinsi yo‘q. Erkaklar va ayollar, shubhasiz, dunyoni o‘rganishlarining ba’zi jihatlariga ta’sir qiladigan jismoniy farqlarni namoyish etadilar. Lekin baribir, mohiyatan, xislat va qobiliyatlarida, insonni inson qiladigan jihatlarida erkak va ayolning farqi yo‘q. Hech kim boshqa kishidan ustunlikka da’vo qila olmaydi. Ma’naviy-axloqiy haqiqat shaklida allaqachon mavjud bo‘lgan tenglik amalda gavdalanishi zarur.

Agar global nuqtai nazardan qarasak, bugungi jamiyatda ayollarga nisbatan bo‘lgan diskriminatsiya bu, kasallangan ijtimoiy tuzumning ko‘plab belgilaridan biridir. Biz jahon sahnasida ro‘y berayotgan jilovsiz nizo va adolatsizliklar dunyosida yashayapmiz. Shaxslar va guruhlar tor xudbinona manfaatlar yo‘lida bir-biri bilan raqobatlashadi. Beqarorlik va zo‘ravonlik hamma joyda tarqaldi. Aksariyat hukmron ijtimoiy muassasalar, tuzilmalar va jarayonlar umumiy farovonlikka samarali xizmat qilish uchun o‘rnatilmagan; ammo, odamlar umumiy manfaatni rivojlantirish uchun ushbu tizimlar ichida ish olib borishga harakat qilganda, ular ko‘pincha tizimli cheklovlar yoki ochiq tizimli tahdidlarga duch keladilar.

Ijtimoiy tizimlar va dunyoqarashlar asosida yotgan, bu holatga imkon beruvchi va davom ettiruvchi nazariya va tushunchalarni tubdan qayta ko‘rib chiqish talab etiladi. Aks holda, insoniyat farovonligi va sivilizatsiya taraqqiyoti ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan odamlarning eng samimiy sa’y-harakatlarini ham chetlab o‘tadi. Maqsadimiz faqat ayollarga mavjud ijtimoiy tuzum doirasida jamiyat ishlarida ishtirok etishlari uchun joy berish emas. Aksincha, adolat, tinchlik va jamoaviy farovonlik bilan ajralib turadigan yangi ijtimoiy tuzumni bunyod etish uchun ma’naviy-axloqiy tamoyillarni qo‘llagan holda ayollar va erkaklar yonma-yon mehnat qilishlari zarurdir.

Ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tenglikni qo‘llab-quvvatlovchi hamda birlik va adolat tamoyillarini ilgari suruvchi ijtimoiy muasssasalarni bunyod etish va ijtimoiy amaliyotlarni rivojlantirish odamlarning qalbi va ongida, jamiyat tuzilmalarida tubdan o‘zgarishlarni talab qiladi. Ushbu maqsad yo‘lida ishlayotgan shaxslar va guruhlar mazkur tamoyillarni shaxsiy va jamoaviy hayotlarining turli jabhalarida qo‘llashga intilish chog‘ida yuzaga keladigan ba’zi savollar va muammolarni munozara qilishni va mulohaza yuritishni xohlashlari mumkin.

Ushbu tubdan o‘zgarishlar, shubhasiz, erkaklar uchun ham, ayollar uchun ham qiyin bo‘ladi, chunki u, ularning ikkalasidan ham o‘zlarining odatiy g‘oyalari va usullarini qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi. Bu masalada katta e’tiborlik kerak, o‘zaro ayblovlar o‘rniga, rivojlanish yo‘lida umumiy mas’uliyatni anglash kerak. Bugungi jamiyat oldida turgan muammolar oldida hamma eski model ishlamayotganini anglashi va tan olishi lozim va har bir inson kelajak avlodlar oldida insoniyat sivilizatsiyasi taqdiri uchun mas’ul bo‘lishi zarurdir.

Ammo shuni ta’kidlash kerakki, tubdan o‘zgarishlar evolyutsion xarakterga ega bo‘lishi kerak va ular erkagu ayollardan ta’limga umumiy intilish, vaqtdan oqilona foydalanish va sabr-toqatni talab qiladi. Erkaklar, to ayollar o‘zini o‘zi anglash uchun teng imkoniyatlarga ega bo‘lmaguncha o‘z salohiyatlarini to‘liq amalga oshira olmasligini tushunganlarida, o‘tish davri yengillashadi. Erkaklar tenglik tamoyilini faol ravishda amalga oshirganlarida, ayollarning o‘z huquqlari uchun kurashishlariga o‘rin qolmas edi. Asta-sekin, erkaklar ham, ayollar ham o‘z munosabatlarida singib ketgan nosog‘lom stereotiplardan xalos bo‘lib, haqiqiy birlikka olib keladigan qadriyatlarni o‘rganadilar.

Hozirda paydo bo‘layotgan jahon sivilizatsiyasi yangi qadriyatlarga umumiy sadoqat, huquq va mas’uliyatlar muvozanatini o‘zaro anglashga va har birining jamiyat va butun insoniyat manfaatlariga to‘liq xizmat qilishga ixtiyoriy intilishiga asoslanishi kerak.

Siz bilan muloqat qilishdan mamnunmiz
Manzil

Toshkent shahar, Yashnabod tumani, Boyqorg’on MFY, Mirzo Ulug’bek ko’chasi 
38A-uy

Elektron pochta
Telefon raqam

+998-71-268-27-12

www.bahai.uz   Barcha huquqlar himoya qilingan