Jamiyat taraqqiyotining ushbu o‘tish davrida yashab va jamoaviy etuklikka yaqinlashgan sari, afsuski, biz milliardlab odamlarga o‘zlarining salohiyatlarini namoyon bo‘lishiga, jaholat va zulm zulmatidan qutulishga to‘sqinlik qiluvchi vayronkor kuchlarga tez-tez duch kelamiz. Oila instituti, boshqa ijtimoiy institutlar kabi o‘z inqirozini boshidan kechirmoqda. Asrlar davomida oilaviy hayotni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan qadriyatlar va tamoyillar unutildi. Biroq, oilaviy inqirozni o‘tmishni qayta tiklash uchun qilinadigan urinishlar bilan hal qilinishi mumkin emas. Insoniyatning etuklik davrida oila haqidagi mavjud tushuncha va tamoyillar, ayollar va erkaklarning roli va ularning o‘zaro munosabatlari qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Barcha muqaddas Bitiklarda oila jamiyatning asosiy tashkiliy birligi sifatida ko‘rib chiqiladi. Oila ijtimoiy makon bo‘lib, u erda inson ma’lum bir darajaga qadar rivojlanadi va hayotning chaqiruvlariga duch kelishga tayyorlanadi. U erda muhabbat, sabr-toqatli bo‘lish, adolat bilan ish tutish va boshqa a’zolar bilan hamjihatlikda yashash o‘rganiladi. Butun umrimiz davomida bizga singdiriladigan hamda bizni yo‘naltirib turuvchi bunyodkor qadriyatlar o‘zimizning oilamiz himoyasida bo‘lgan yillarda shakllanadi. Boshqalar bilan qay darajada sog‘lom munosabat o‘rnatishimiz, juda muhim bo‘lgan mazkur davrni deyarli to‘laqonli belgilab beradi. Biroq vayronkor kuchlar ta’sirida oilada adolatsizlik, shafqatsizlik, nozik hislarni inkor etish, noto‘g‘ri g‘oyalarni mustahkamlash va xurofotlar ta’siriga tushib qolish mumkin. Oila konsepsiyasiga, uning a’zolari ustidan yoshi ulug‘ bo‘lgan bir-ikki kishi tomonidan gegemonlik qiladigan diktatorlik muhiti sifatida qarash, yoxud uning a’zolari o‘zgalarni ekspluatatsiya qilish uchungina sadoqat bilan birlashadigan jamiyat yacheykasi sifatida qarash, inson irqi yetukligi asri uchun mutlaqo nomaqbuldir. Biroq oila o‘z sof vazifasini bajarishi uchun insoniyatning etuklik davriga mos keladigan fundamental tamoyillarga rioya qilishi zarur. Nafaqat erkaklar, balki ayollar ham o‘zlarining ulkan salohiyatini to‘la namoyon etishlari uchun teng sharoit yaratish ana shunday asosiy tamoyillardan biridir.
Erkak va ayollarning teng huquqliligi tushunchasini osonlikcha teng javobgarlik bilan chalkashtirib yuborish mumkin. Inson huquqlarining ta’rifini qisqacha qilib aytganda, har bir insonning qadr-qimmati va erkinligini himoya qilishni ta’minlaydigan qoidalardir. Haq-huquqlardan tashqari erkak va ayolning, bolalar va ota-onalarning, fuqaro va jamiyatning, davlat va xalqning majburiyatlari ham bor.
Vazifalar yoki aytaylik, erkaklar va ayollar tomonidan bajariladigan vazifalar har bir holatda farq qiladi. Bu borada ikki jinsning majburiyatlariga ko‘plab misollar keltirish mumkin, ammo, ularning yoki barcha a’zolarning huquqlarining tengligi haqida gap ketganda, tenglik tamoyiliga to‘xtalib o‘tmoqchi edik.
Tarixan erkaklar ayollarga nisbatan ko‘proq jismoniy kuch bilan ta’minlangan, natijada hokimiyat bilan ham ta’minlangan va ushbu holat bir tarafdan erkaklarning huquq va imkoniyatlarini kengayishiga, boshqa tarafdan esa oila darajasida ayollar huquqi va salohiyatining cheklanishiga olib keldi.
Zamonamizning eng og‘ir masalalaridan biri – erkak va ayollar o‘rtasida barcha odam faoliyatlarida to‘liq teng huquqlikni ta’minlash. Ko‘p jihatdan, hozirda mavjud tengsizliklarni qo‘llab-quvvatlovchi va shu asno insoniyatning yarmiga nisbatan adolatsizlikni davom ettiruvchi munosabatlar, afsuski, oilada shakllanadi, keyin esa ish joyida va umuman jamiyatda qo‘llab-quvvatlanadi.
Oila, jamiyat va xalqlar rivoji faoliyatida qizlar va ayollarning asosiy roli aniq belgilangan bo‘lib, ayollar keyingi avlodning birinchi tarbiyachisi vazifasini bajaradilar; ularning ta’limi oilaning jismoniy, ijtimoiy va iqtisodiy holatiga juda katta ta’sir etadi; ularning iqtisodiy sohadagi faoliyati samaradorlikni oshiradi va iqtisodiy rivojlanishga olib keladi; ularning ijtimoiy hayotdagi ishtiroki boshqarish samaradorligi oshishiga va korrupsiya miqyosini kamaytirishga sabab bo‘ladi. Biroq erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenghuquqlik to‘liq shaklda hech bir davlatda ta’minlanmagan. Davom etayotgan adolatsizliklar natijasida ayollar tashvishlarni bevosita o‘z zimmalariga oladilar va dunyoning yarim aholisi o‘z salohiyatini namoyon eta olmayotgani sababli, insoniyat jamiyatining rivoji barcha sohalarda qiyinlashmoqda.
Tenglik tamoyilidan kelib chiqadigan boshqa bir tamoyil, oila instituti uchun chuqur ma’noga ega bo‘lgan tamoyil, bu, adolat tamoyilidir. Agar oiladagi munosabatlar adolatga asoslangan bo‘lsa har bir a’zoning huquqlari nazorat qilinadi va har bir kishi o‘z vazifasiga ma’suliyat bilan yondashadi. Agar oila ikkita fundamental – tenglik va adolat tamoyillariga amal qilsa, faqatgina o‘z ichida rivojlanishdan tashqari, jamiyat rivoji uchun ham hissa qo‘shadi va jamiyatning iftixoriga aylanadi.