Skip to content Skip to footer

Jaholat xurofot va mutaassiblik manbaidir.

Har bir yaratilgan narsa o‘z sathi yoki etuklik darajasiga ega. Daraxtning hayotida etuklik yoki to‘liq rivojlanish pallasi bu, uning meva berish davri hisoblanadi. Insoniyat olamida, inson aql-zakovatining nuri eng yuksak kuch va taraqqiyotga erishganida yetuklikka erishadi. Xuddi shunday, butun insoniyatning jamoaviy hayotida davrlar va bosqichlar mavjud.

Shu nuqtai nazardan, biz hayotning barcha jabhalarida ro‘y berayotgan mavjud inqiroz va inqilobiy o‘zgarishlarda ikkita parallel jarayonning o‘zaro ta’sirini ko‘ramiz, ulardan biri bunyodkor integratsiya, ikkinchisi esa vayronkor dezintegratsiyadir. Afsuski, biz odamlarni shafqatsizlik va mutaassiblikka undaydigan vayronkor kuchlarning namoyon bo‘lishiga tez-tez duch kelamiz. Hamma joyda, jumladan, internetda ham ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan vayronkor kuchlarning jamiyatimiz to‘qimasini yemirishining asosiy sabablaridan biri, bu jaholatdir. Garchi ular o‘z ta’sirida halokatli bo‘lsa-da, bu bo‘linish kuchlari insoniyat taraqqiyoti yo‘lidagi to‘siqlarni yo‘q qilishga intilib, integratsiya jarayonlariga turli guruhlarni birlashtirish va o‘zaro ta’sir va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochishda sharoit yaratadi.

Agar, masalan, dunyo bo‘ylab diniy jamoalar qaysidir vaqtlarda boshdan kechirgan diniy xurofotlarning kuchini hisobga olsak, xurofotlarning mavjudligiga ularning o‘zi ham hissa qo‘shganini ko‘rish mumkin. Bu masalaga alohida e’tibor qaratishimiz lozim, chunki buning uchun ma’lum darajada diniy jamoalar ham mas’ul, va bu sohada o‘zgarishlar kiritishga ham qodirdir.

Diniy, milliy va boshqa turdagi xurofotlar insoniyatning o‘zaro tushunishi, taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida dahshatli to‘siq bo‘lmoqda. Bunday xurofotlar, ko‘plab boshqalari qatori, jamiyat tuzilishlariga singib ketgan. Ularni ko‘pincha haqiqatni e’tiborsiz qoldiradigan va haqiqatni buzib ko‘rsatadigan usullardan foydalanib, manipulyatsiya va targ‘ibot orqali rag‘batlantiradilar va ekspluatatsiya qiladilar. Masalan, diniy xurofotlar fundamentalizm, mutaassiblik va ekstremizmni keltirib chiqardi. Bahoiy bitiklari diniy xurofotlarning oqibatlaridan ogohlantirib, “diniy mutaassiblik va nafrat dunyoni qamrab oladigan alangadir”, deb ta’kidlaydi va “diniy e’tiqodlar hech qachon odamlarda dushmanlik tuyg‘usini rivojlantirmasligi kerak”, deb e’lon qiladi.  

Muqaddas bahoiy Matnlarida biz quyidagilarni topamiz: “Ilohiy dinlar odamlar o‘rtasidagi birdamlik manbai va birlik hamda muhabbatni o‘rnatish uchun vosita bo‘lishi kerak; ular butun dunyoda tinchlikni e’lon qilishlari, odamlarni har qanday xurofotlardan ozod qilishlari, quvonch va zavq bag‘ishlashlari, barchaga mehribonlik ko‘rsatishlari va har qanday begonalik va farqlarga chek qo‘yishlari kerak” va: “Din shifo beruvchi davoga o‘xshaydi; agar u kasallikni kuchaytirsa, unda u, keraksiz bo‘lib qoladi”.

Yer yuzidagi xalqlar diniy xurofotlarni vaqt o‘tishi bilan zaiflashtirishni, va oxir-oqibat butunlay yo‘q qilishni o‘rganishlari mumkinligiga bahoiylar ishonishadi. Barcha odamlar vijdon va e’tiqod erkinligi, o‘sha e’tiqodlarini ifoda etish huquqi va boshqalarning huquqlarini hurmat qilish majburiyatiga ega. Biz nizo va ziddiyatlarga kirishish, shuningdek, bir tomonni boshqasiga qarshi qo‘yish yoki qo‘llab-quvvatlash ma’nosiz ish ekanligini aniq anglab etishimiz kerak bo‘lgan vaqt keldi. Bu, oxir-oqibat, biz oddiy javoblar bilan kifoyalanish yoki tajovuzkor bo‘lish tendensiyasidan voz kechishimiz, buning o‘rniga, sa’y-harakatlarimizni hayotiy echimlarni topishga qaratishimiz kerakligini anglatadi. Turli diniy, irqiy yoki sinfiy kelib chiqishi bo‘lgan odamlar o‘rtasidagi an’anaviy to‘siqlar va ziddiyatlarni bartaraf etish uchun ikki vositaga – bu, biz “ma’naviy maslahatlashuv” deb ataydigan ommaviy muloqot va ta’limga tayanish zarurdir.

Insoniyat yetuklikka etgan sari “maslahatlashuv” tushunchasi yangicha mazmun va ma’no kasb eta boshlaydi. Maslahatlashuv haqiqatni izlash darajasini talab qiladi, bu turli masalalarni hal qilishda bugungi kunda tez-tez shakllanadigan yon berish va murosaga kelish usullaridan tashqariga chiqadi. Ushbu mezonlarga rioya qilishga bugungi kunda biz kuzatayotgan zamonaviy jamiyatning yana bir o‘ziga xos xususiyati “qarama-qarshilik madaniyati” to‘sqinlik qilmoqda. Nizo, tashviqot, raqobat, murosasizlik va ziddiyatlar – bularning barchasi jamoaviy faoliyat vositalarining taniqli arsenali uning maqsadini amalga oshirishga, ya’ni muayyan muammo bo‘yicha umumiy tasavvurni ishlab chiqish va uni hal qilish uchun mavjud vositalardan foydalanishga xalaqit beradi. Maslahatlashuvda uning barcha ishtirokchilari o‘z nuqtai nazarining cheklanganligini tan olishga va engishga intiladi va umumiy manfaat va maqsadlar bilan birlashgan yagona tizimning a’zolari sifatida harakat qiladi.

Ta’lim konsepsiyasi ham yangi ta’rif oladi va mavjud qoidalardan tashqariga chiqadi. Jamiyatda ta’lim yaxshi maoshli ishga kirish vositasi sifatida taqdim etiladi, lekin bu, shunchaki inson rasmiy ta’limni tugatgandan so‘ng tugaydigan jarayon emas.

Unda yaxshi ta’lim tizimining elementlari deb nimani atashimiz mumkin? Shubhasiz, u, birinchidan, axloqiy me’yorlarni tarbiyalashi, axloqiy fazilatlar va yaxshi xulq-atvorni targ‘ib qilishi kerak. Ikkinchidan, uning maqsadi har qanday diniy, irqiy, jinsiy, sinfiy xurofotlarni yo‘q qilish bo‘lishi kerak. Uchinchidan, bolalar, ayniqsa, qizlar va yoshlarning jamiyatda o‘z munosib o‘rnini egallashi, o‘z haq-huquqlariga ega bo‘lish bilan birga mas’uliyatini ham o‘z zimmasiga olishi uchun qobiliyatlarini ozod etishni maqsad qilgan bo‘lishi kerak. To‘rtinchidan, tor millatchilik doirasidan chiqib, jamiyatning bir bo‘g‘ini sifatida oila tushunchasiga ham, insoniyat birligiga ham mos keladigan vatanparvarlik konsepsiyasini targ‘ib qilishi kerak. Beshinchidan, u insonda insoniyatga, do‘stlarga, vatandoshlarga, o‘z jamoasiga, jamiyatga, mamlakatga va butun insoniyatga xizmat qilish ruhi va amaliyotini ozod etishi kerak.

Yaxshi ta’lim tizimi qobiliyatlarni rivojlantiradi, chunki u bilan bog‘liq bo‘lganlarning ko‘nikmalari va bilimlarini oshirish bilan birga u har doim shaffof bo‘lib, unda hamma ishtirok etishi mumkin. Bahoiy sa’y-harakatlarida markaziy o‘rinni jamiyatni bunyod etishdek uzoq muddatli jarayon tashkil etadi, uning maqsadi insoniyat birligiga asoslangan hayot va ijtimoiy tuzilmalarning namunalarini ishlab chiqishdir. Ushbu sa’y-harakatlarning elementlaridan biri, bu, butun dunyo bo‘ylab qishloq va shaharlarda organik ravishda o‘sib borayotgan ta’lim jarayonidir. Bolalar, yoshlar va kattalar uchun ma’naviy tushunchalarni o‘rganish va ularni ijtimoiy muhitda qo‘llash qobiliyatiga ega bo‘lishlari mumkin bo‘lgan sharoitlar yaratilmoqda. Ta’lim jarayoniga yondashuv o‘quvchining pirovard natijada o‘z ta’limi uchun mas’ul bo‘lishiga asoslanishi kerak. O‘rganadigan kishi o‘z ta’limining faol kuchi va ustasidir; uning uchun hech kim o‘rgana olmaydi; hech kim uning nomidan dunyoni tubdan o‘zgartirishda ishtirok eta olmaydi.

Diniy va boshqa xurofotlar mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, uning asl sababi jaholatda ekanligini ochiq tan olishimiz kerak. O‘z-o‘zidan jaholat zulmning bir ko‘rinishidir; shuningdek, u insoniyatning farovonligi va birligiga to‘sqinlik qiladigan xurofot to‘siqlarini ham mustahkamlaydi. Bilim olish har bir inson zotining huquqidir. Bilimni ishlab chiqarish, qo‘llash va tarqatishda ishtirok etish farovon dunyo barpo etish yo‘lida barcha insonlarning – har bir insonning o‘z iste’dodi va qobiliyatiga ko‘ra burchidir. Shu bois, Bahoiy jamoasining ko‘p sa’y-harakatlari ta’lim orqali jaholatni yo‘q qilishga qaratilgandir.

Siz bilan muloqat qilishdan mamnunmiz
Manzil

Toshkent shahar, Yashnabod tumani, Boyqorg’on MFY, Mirzo Ulug’bek ko’chasi 
38A-uy

Elektron pochta
Telefon raqam

+998-71-268-27-12

www.bahai.uz   Barcha huquqlar himoya qilingan