Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va islohotlarni mamlakat uchun o‘tish davri sifatida qabul qilish mumkin. Inson o‘z taraqqiyotining turli bosqichlarini bosib o‘tganidek, dastlabki bosqichlarga xos bo‘lgan o‘tmish qoldiqlari, odatlar va bid’atlarni ortda qoldirar ekan, u asta-sekin hozirgi zamon talabiga javob beradigan yangicha fikrlash va xulq-atvor namunalariga ega bo‘lmoqda. Shunga ko‘ra, yosh avlod eski odat va dunyoqarashdan voz kechib, yanada etuk bo‘lishga intilmoqda.
Yetuklik haqida so‘z borar ekan, ta’lim-tarbiyaning o‘rni haqida gapirmay bo‘lmaydi. Ma’naviy ta’lim intellektual va jismoniy ta’lim bilan birgalikda voqe’likni o‘rganishda ilmiy yondashuvlardan foydalanish, jamiyat taraqqiyoti jarayonida yuksak ijtimoiy mas’uliyat hissini parvarishlash va ongimizga narsalarning mohiyatiga mustaqil ravishda erishishga yordam beradi.
Toki yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, istisnosiz, shaxs, jamiyat va davlat uchun ustuvor vazifaga aylanmaguniga qadar, mavjud jaholat zulmati har qanday jamiyatning barcha balo va qayg‘ulariga sababchi bo‘lib qoladi. O‘z-o‘zidan jaholat zulmning bir ko‘rinishidir; ammo bu odamlar va jamiyat birligini ro‘yobga chiqarishga xalaqit beruvchi bid’at to‘siqlarini ham kuchaytiradi.
Har qanday bid’at turlari odamlar taraqqiyoti va farovonligi uchun qo‘rqituvchi to‘siqni shakllantiradi. Bunday bid’atlar boshqalar qatori jamiyatga singib ketgan. Ular ko‘pincha, ayniqsa yoshlar o‘rtasida haqiqatni mensimaydigan usullardan foydalangan holda rag‘batlantiriladi va ekspluatatsiya qilinadi, bu esa fundamentalizm, mutaassiblik va ekstremizmni keltirib chiqaradi. Bahoiy Bitiklari diniy bid’atning oqibatlaridan ogohlantirib, “diniy aqidaparastlik va nafrat dunyoni yutib yuboruvchi alangadir” deb ta’kidlaydi.
Hozirgi vaqtda yashab, biz, afsuski, nafaqat mamlakatdagi barqarorlikka, balki asrlar davomida chambarchas bog‘lanib kelgan jamiyatimiz tuzilishiga ham tahdid soluvchi vayronkor kuchlarning ko‘rinishlariga tez-tez duch kelamiz. Bu kuchlarning haddan tashqari ko‘rinishlaridan biri o‘zgacha fikrga, umuman, plyuralistik jamiyatga nisbatan murosasizlikdir. Jaholat, bid’at va xurofotlarga nimani qarshi qo‘yishimiz mumkin?
Shu nuqtai nazar bilan O‘zbekiston taraqqiyotida yangi bosqichga ko‘tarilayotganda oldimizda ikkita alohida muhim savol tug‘iladi – ushbu o‘tish davrida yoshlarning o‘rni nimada? Zero, O‘zbekiston aholisining eng katta qismini yoshlar tashkil qiladi. Yoshlarda jamiyatning tubdan o‘zgarishlari va ehtiyojlariga javob beradigan yangi dunyoqarashni qanday shakllantirish mumkin?
Ushbu guruh vakillari intellektual va ijtimoiy salohiyatning eng muhim manbai bo‘lib, ijtimoiy konstruktiv yo‘sinda rivojlanish va yo‘nalishni talab qiladi. Bu davr shaxs shakllanishidagi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, bunda yoshlar o‘zlarining shaxsiy va ijtimoiy hayotga oid bilimlari, qadriyatlari va e’tiqodlarini ongli ravishda tahlil qilish va qo‘llashni boshlaydilar. Ayni paytda ularning oldida – yaqinlariga g‘amxo‘rlik qilish, oila daromadlarini shakllantirishda ishtirok etish hamda atrofdagi jamiyat va butun mamlakat hayotidagi o‘zgarishlarning tashabbuskori bo‘lishdek yangi mas’uliyatlar paydo bo‘ladi. Ushbu davrning oxiriga kelib, ularning ko‘pchiligi kattalarning barcha mas’uliyatini o‘z zimmalariga olgan bo‘ladilar.
Jamiyatimizning kelajagi ko‘p jihatdan yoshlarimizning hali ochilmagan salohiyati qanday ozod etilishi va ularga meros bo‘lib qoladigan dunyoga tayyorlanishiga bog‘liq bo‘ladi. Ma’lumki, shaxsning intellektual va ma’naviy rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar maktab sinfi yoki institut auditoriyasi bilan chegaralanib qolmaydi. Ommaviy axborot vositalari, internet texnologiyalari, oila, tengdoshlar va atrof-muhit, kengroq ijtimoiy doiralar va ijtimoiy institutlar orqali yoshlarga ta’sir etuvchi omillar ba’zi jihatlarda rag‘batlantiruvchi rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan, ba’zilarida esa qarama-qarshiliklarni o‘z ichiga oladigan ma’lumotlarga ega, bu esa aksariyat yoshlarning o‘zligi, axloqiy maqsadi va ijtimoiy hayoti haqida sarosimaga tushishiga sabab bo‘layapti. Rasmiy ta’lim yagona maqsad — yoshlarga kafolatli, daromad keltiruvchi ish bilan ta’minlashda yordam berish doirasidan tashqariga chiqishi kerak. Ta’lim jarayoni yoshlarda jamiyatning ma’naviy va moddiy farovonligiga hissa qo‘shish qobiliyatini shakllantirish bilan birga, o‘z salohiyatini anglash va ro‘yobga chiqarishga yordam berishi kerak. Darhaqiqat, boshqalardan uzilgan holda o‘z iste’dodi va qobiliyatlarini to‘liq rivojlantirishning imkoni yo‘qdir.
Yoshlarda konstruktiv ijtimoiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shish istagi hamda adolat va birdamlik tamoyillari asosida inson hayotining andozalarini shakllantirish qobiliyati mavjud. Bu g‘oya nafaqat kelajak urug‘larini, balki hozirgi kun uchun ham umid baxsh etadi.
“Yoshlarning qiyinchiliklarga bardosh bera olish, ulardagi hayotiy quvvat va kuch, muayyan sharoitlarga moslasha olish, yangi chegaralarni dadil engish, yo‘lida duch kelgan har bir kishiga iliqlik va g‘ayrat baxsh etish qobiliyati yuksak axloqlilik xulq-atvor bilan uyg‘unlashib, uni ijtimoiy farovonlikning qudratli bunyodkorlik kuchiga aylantiradi. Aynan mana shu o‘ziga xos fazilatlar tufayli yoshlar har qanday korxonaning tashabbuskori, mahalliy va milliy miqyosdagi har qanday tashabbusning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi mumkin. Yoshlar destruktiv kuchlar – “jaholat, bid’at va aqidaparastlik” hujumini daf etib, nur tarafdori ekanini bir zum ham unutmasligi kerak. Hozirgi vaqtda jahon hamjamiyati o‘ta ma’naviy zulmat davrini boshidan kechirmoqda; nafrat va har xil bid’atlar uni tom ma’noda parchalab tashlayapti, barcha yoshlar butunlay boshqa kuch – muhabbat, birdamlik, tinchlik va birlashish kuchlarining himoyachisi sifatida harakat qilishlari kerak, vayronkor kuchlar o‘z nazoratsizligimiz tufayli atrof-muhitimizga kirib ketmasligi uchun biz doimo hushyor bo‘lishimiz kerak …
Shavqiy Effendi