Mushohada uchun matnlar
Bahoiy Bitiklaridan Saylanma
Hazrati Bahoulloh Bitiklaridan saylanmalar
* * *
Inson o‘ziga bironta ham yo‘l tasavvur eta olmaydigan joyda, U minglab eshiklarni ochib qo‘ygusidir.
* * *
Siz – bir daraxtning mevalari-yu, bir novdaning yaproqlarisiz. Bir-biringizga buyuk muhabbat bilan munosabatda bo‘ling, inoqlik, do‘stparvarlik va xayrixohlik ruhi bilan to‘lib-toshing.
Birdamlik shu’lasi shunchalik kuchlikim, u butun er yuzini yoritmoqqa qodir.
* * *
Shirinsuxanlik qalblarni rom etadi. U so‘zlarga ma’no baxsh etguvchi ma’naviy nondir. U donolik va idrokning nurli sarchashmasidir.
* * *
Haq ayturman sizga: til ezgulikni eslash uchun berilgan, uni noloyiq nutq ila tahqirlamang. Olloh sizning o‘tmishingizdan kechdi. Endilikda, faqat o‘zingizga munosib va yarashadigan so‘zlarni so‘zlang, bo‘htondan, haqoratdan va inson yuragini iztirobga soladigan barcha narsalardan saqlaning.
* * *
Ey Ruh o‘g‘li! Mana senga birinchi nasihatim: pok, mehribon va munavvar qalbga ega bo‘lginkim, abadiy, boqiy, doimiy va azaliy saltanatga erishursan.
* * *
Ey Ruh o‘g‘li! Mening nazarimda eng sevimli narsa adolatdir. Menga yuz buradigan bo‘lsang, undan yuz o‘girma. Mening ishonchimni qozonmoqchi bo‘lsang, unga bepisandlik qilma. Uning yordamida narsalarga boshqalar nigohi bilan emas, o‘z nazaring bilan qaray olasan, yaqining fahmi bilan emas, o‘z fahming ila idrok eta bilasan. Qanday bo‘lmog‘ing darkorligi borasida o‘z qalbingda o‘ylab ko‘r. Darhaqiqat, adolat Mening senga tuhfam va Mening latif g‘amxo‘rligim nishonasidir. Uni doim ko‘z o‘ngingda tut.
* * *
Insonlar mangu rivojlanib borguvchi tamaddunni olg‘a jildirish uchun yaratilganlar… Yovvoyi hayvonlar kabi yashash insonga nomunosibdir.
Unga xos bo‘lgan fazilatlar – sabr-toqat, rahm-shafqat, mehr-muruvvat, hamda, qaysi xalqqa va qaysi qavmga mansubligidan qat’i nazar, er yuzidagi barcha kishilarga bo‘lgan muxabbatning mohiyatidan iboratdir.
* * *
Ey Ruh o‘g‘li! Men seni g‘aniy qilib yaratdim; nega sen o‘zingni faqir deb hisoblaysan? Men seni olijanob qilib yaratdim, nega sen o‘zingni zalil deb bilasan? Men seni bilimlar mohiyatidan yaratdim, nega sen Mendan o‘zgadan bilim izlaysan? Men seni muhabbat loyidan yasadim, sen qanday qilib boshqa narsa bilan mashg‘ul bo‘la olasan? Nigohingni o‘zingga qarat va o‘zingdagi qudratli, kuchli va mustaqil mavjud Meni topursan.
* * *
Ey borliq o‘g‘li! Sendan hisobot talab qilmaslaridan oldinroq, har kuni o‘zingga hisobot berib bor, zero, ajal to‘satdan keladi va sendan qilgan amallaringga ko‘ra hisobot talab etilgusidir.
* * *
Ey inson o‘g‘li! Har bir narsaning o‘z alomati bor. Muhabbat belgisi – Mening amru-irodatimda sobitlik va Mening sinovlarimda sabrlilikdir.
* * *
Ey odamzod o‘g‘li! Gar senga ne’mat nasib qilsa, shod bo‘lma va gar zillat boshinga tushsa, qayg‘urma; chunki bularning har biri muddati etganda yo‘qlikka ketadi va bir lahzadayoq zavolga yuz tutadi.
* * *
Ey mening taxtimga yaqinlashgan banda! Yovuzlikni tinglama va uni ko‘rmagin, tuban ketma, qayg‘urma va oh-zor etmagin. Yomonlikni tilga olmaginkim, o‘zing haqingda ham yomon gap eshitmagaysan; boshqalarning nuqsonlarini oshirib-toshirmaginkim, o‘z nuqsonlaring ham yirik bo‘lib ko‘rinmagay; hech kimsaga xorlik tilamaginkim, o‘z xorliging ochiq-oshkor bo‘lmagay. Ana shundagina o‘z umringning soniyalardan ham qisqaroq kunlarini ravshan idrok, beg‘ubor yurak, musaffo xayol va begunoh ruh ila yashay boshlaysankim, oqibatda ushbu foniy qobiqni shod va ozod itqitib otgaysan, nihon ma’nolar jannatiga qaytgaysan va umrboqiy saltanatda abadiy istiqomat etgaysan.
* * *
Dinning mohiyati so‘zlarning kamchilligida va amallarning mo‘l-ko‘lligidadir…
* * *
Ey Mening bandam! O‘z qalbingni yovuzlikdan pokla va hasadni bilmagan holda ilohiy muqaddaslik dargohiga doxil bo‘l.
* * *
O‘z farzandlarini qat’iy e’tiqod ruhida tarbiyalash ota-onaning ustuvor burchidir, zero, Ilohiy dindan ayrilgan bola o‘z ota-onasi, o‘z Ollohining marhamatiga intilmay qo‘yadi. Har bir sharafli amal din nuridan bunyod bo‘ladi; bu oliy in’omdan judo bo‘lgan bola yovuzlikdan yuz burolmaydi, ezgulikka yaqinlasha olmaydi.
* * *
Adolat va haqqoniyat insonlarni asraguvchi egizak-muhofazakorlardir. Ulardan shu qadar huzur-halovatli va dono so‘zlar taraladiki, oqibatda ular dunyoga faravonlik, xalqlarga himoya baxsh etadi.
* * *
Bugungi kunda Ollohga E’tiqod va Uning Dinining mohiyati shundaki, er yuzidagi mavjud turli jamoa va ko‘plab diniy aqidalarning kishilar o‘rtasida adovat tuyg‘ularini keltirib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikdadir. Ushbu qaror va qonunlar, ushbu qudratli ta’limotlar yagona Manbadan kelib chiqadi va ularning hammasi yagona Yorug‘likning shu’lalaridir. Ularni bir-biridan ajratib turadigan farqlar esa, har bir din namoyon bo‘ladigan zamona talablari bilan tushuntiriladi.
* * *
Barcha kishilar bilan do‘stona va birodarlik ruhida munosabatda bo‘lingiz. Agar siz qandaydir haqiqatga erishsangiz, agar siz boshqalarda bo‘lmagan javohirga ega bo‘lsangiz, uni odamlar bilan baham ko‘ring, faqat buni ezgulik va xushmuomalalik tili bilan bayon eting. Agar sizning in’omingiz qabul qilinsa, ko‘zlagan maqsadingiz ro‘yobga chiqsa, sizning niyatingiz amalga oshgan bo‘ladi. Agar kimdir ushbu haqiqatni rad etsa, u kimsani o‘z holiga qo‘ying va unga Ollohdan hidoyat so‘rang. U bilan xayrixoh bo‘lmaslikdan ehtiyot bo‘ling.
* * *
Darhaqiqat, bilim inson uchun haqiqiy xazinadir, u – shon-sharaf, saxovat, shodlik, yuksalish, surur va mamnuniyat manbaidir. Unga intilganlar komron, intilmaganlar sho‘rlik – notavondir.
* * *
Ey borliq o‘g‘li! Ushbu dunyoga mahliyo bo‘lma, zero, oltinni olov ila sinaymiz, bandalarimizni esa oltin bilan.
* * *
Ruhiy farog‘at – inson hayotining haqiqiy asosi, chunki, zamindagi hayot kulfat uchun emas, baxt uchun; g‘am uchun emas, shodlik uchun yaralgandur.
Hazrati Abdul-Baho asarlaridan saylanmalar
Har bir insonda faqat tahsinga loyiq jihatlarni ko‘rmoq lozim. Shu tarzda har bir kishiga do‘st bo‘lishingiz mumkin. Mabodo, siz odamlarga ularning kamchiliklari nuqtai nazaridan nigoh tashlasangiz, ular bilan do‘stlashish nihoyatda qiyin bo‘ladi. Shu sabab, odamlarga nazar solar ekanmiz, ularning kamchiliklarini emas, balki, muvafaqqiyatga erishgan jihatlarini ko‘ra bilmog‘imiz lozim.
* * *
Men sizning hammangizni va har biringizni o‘z fikr va tuyg‘ularingizni muhabbat hamda xayrixohlik to‘lqinlariga uyg‘unlashtirishga da’vat etaman. Mabodo, miyangizga urush haqidagi fikr kelib qolsa, bu fikrni undan kuchliroq bo‘lgan tinchlik haqidagi fikr bilan quvib chiqaring. Nafrat haqidagi fikr undan kuchliroq bo‘lgan muhabbat haqidagi fikr bilan parchalanib tashlansin.
Tushkunlikka tushmang! Yarim yo‘lda to‘xtab qolmang! Samimiyat va muhabbat nafratni engadi. Bizning kunlarimizda amalga oshishi mumkin emasdek tuyulgan qanchadan-qancha voqealar sodir bo‘lmoqda! Xamisha Tinchlik Shu’lasidan nigohingizni uzmang! Har bir insonni samimiy muhabbat bilan seving. «Muhabbat – inson yuragida Muqaddas Ruhning esib turgan shabadasidir». Bardam bo‘ling. Qunt bilan mehnat va ibodat qilguvchi o‘z farzandlarini Olloh hech qachon tark etmaydi.
* * *
Inson Ollohga yuzlanganida o‘z atrofida faqat quyosh nurini ko‘radi. Hamma kishilar unga birodar bo‘lib qoladilar. Musofirlar bilan uchrashganingizda o‘zingizning loqayd va sovuqqonligingizga sabab bo‘ladigan shart-sharoitlarga yo‘l qo‘ymang. Do‘stona munosabatingiz faqat tildagina bo‘lmasin; yo‘lingizda uchragan barchaga nisbatan yuragingiz iltifot va muhabbat bilan to‘lib toshsin.
* * *
Olloh O‘z farzandlarini imdodsiz qoldirmaydi, qish zulmati ularning tepasida quyuqlasha boshlasa, U tag‘in O‘zining yangilanuvchi yarlaqagan bahorlar baxsh etadigan Elchi va Payg‘ambarlarini yo‘llay boshlaydi. Haqiqat Quyoshi tag‘in olam ufqlaridan ko‘tarilib, Yangi nurafshon kunlarni ko‘rishlari uchun g‘ofillarning ko‘zlarini ravshan etadi va ularni uyqudan uyg‘otadi. Va shunda insoniyat shajarasi gullab, xalqlarga shifo baxsh etguvchi adolat mevalarini bera boshlaydi.
* * *
Ba’zi bir erkak va ayollar o‘z fikr-mulohazalarining ulug‘vor ekanligi bilan iftixorlanadilar; biroq, hayotga tatbiq etilmas ekan, bu fikr-mulohazalar samarasizdir – fikrning qudrati uning amalga oshishi bilan aniqlanadi.
* * *
Muhabbatning mohiyati so‘zlarda emas, amalda namoyon bo‘ladi – quruq so‘zlar ta’sirsizdir.
* * *
Biz kambag‘al, xasta, yomon kiyingan, tirikchilik vositalaridan mahrum, biroq, ruhan qudratli kishilarni tez-tez uchratib turamiz. Ularning jismoniy iztiroblari qay darajada bo‘lmasin, ruhlari ozod va sog‘lomligicha qolaveradi. Va aksincha, biz boy-badavlat, jismonan baquvvat va sog‘lom, ammo, ruhan tuzalmas xasta kishilarga ham naqadar tez-tez duch kelamiz.
* * *
O‘z kayfiyatingning quli emas, sohibi bo‘l. Lekin, o‘zingni g‘azablangan, ezilgan, tahqirlangan his etganingda va sening ruhing, hatto, ibodatdan ham imdod va taskin topa olmay qolganida aybsiz ravishda yoki aybiga ko‘ra hamma narsadan mahrum bo‘lgan, qayg‘urayotgan, iztirob chekayotgan kimsalarga shodlik baxsh etgali shoshil! Ayni paytda sendan ko‘ra mushkulroq ahvolda qolgan boshqa bir kimsaga o‘zingni, o‘z iqtidoringni, o‘z fursatingni, o‘z farog‘atingni qurbon qil – ana shundagina sening og‘ir ahvolda qolgan ruhing Olloh oldida diyonatli bir itoatgo‘yga aylangusidir.
* * *
O‘zimizning zaminiy tashvishlarimizdan ko‘ra yuksakroq bo‘lgan nimagadir intilishimiz lozim; moddiy ilinjlardan xalos bo‘lib, ruhiy chanqoqlik bilan yashamog‘imiz shart; Ollohning «Bir-biringizni seving»degan vahiysiga xizmat qilishdan qalblarimizni shodlikka to‘ldiruvchi Sohibi Qudratning mangu huzurbaxsh Marhamatiga o‘z nazarimizni qaratmog‘imiz kerak.
* * *
Ey pokiza qalb! To‘g‘rilik so‘qmoqlaridan va taqvo yo‘llaridan yurgilkim, toki rostgo‘ylik sharofati bilan sen Haqiqat taxtiga chiqmog‘ing, taqvo bilan esa abadiy ehtiromga erishmog‘ing mumkin. Agar dunyoning barcha gunohlari tarozining bir pallasiga, yolg‘on esa ikkinchi pallasiga qo‘yilsa, tarozi muvozanatga kelgan bo‘lur edi; yo‘q, yolg‘on balosi og‘irroq chiqardi, zero, uning ziyoni boshqa barcha zararlardan ortiqdir. Sen uchun din aqidalarini tarqata turib, yolg‘onchi bo‘lgandan ko‘ra, haqiqatni aytguvchi shakkok bo‘lganing yaxshiroqdir.
* * *
Kundan-kunga amallaringiz go‘zal ibodatga o‘xshab borishiga intiling. Ollohga yuz tuting va hamisha taqvoli va olijanob bo‘lishga harakat qiling.
Kambag‘allarga yordam bering, yiqilganlarni ko‘taring, bemorlarni davolang, jur’atsizlarni ruhlantiring, mazlumlarni ozod qiling, tushkunlikdagilar dilida umid uyg‘oting, uysizlarga boshpana bering!
Inson qalblarini o‘qib turguvchi Ollohga, biz so‘zlarimizni hayotga naqadar tatbiq etayotganimiz ayondir.
* * *
Olloh rizoligining eng yaxshi usuli – bir-biringizni sevishingizdir.
* * *
Agar ona o‘z farzadining yaxshi ish qilganini ko‘rsa, darhol uni maqtab qo‘ymog‘i, o‘zining unga xayrixoh ekanligini bildirmog‘i, shu bilan uning qalbini shodlikka to‘ldirmog‘i lozim.
* * *
Modomiki, din axloqiy fazilatlarni tarbiyalar ekan, demak, u haqiqiy falsafadir va faqat uning zaminida abadiy tamaddunni yaratish mumkin.
* * *
Bizni har bir qadamimizda kuzatib turgan sinovlar, bizning barcha kulfat va iztiroblarimiz, xor-zorlik va mashaqqatlarimiz moddiy olam natijasidir; Ruh Saltanatida esa, hech narsa qayg‘uga solmaydi. O‘z fikrlari bilan ushbu Saltanatda yashaydigan inson cheksiz shodlikni his etadi.
Kasalliklar – tana mahsuli – insonni chetlab o‘tmaydi, biroq, ular inson hayotining faqat yuzasiga tegib o‘tadi, uning tublari esa tinch va sokinligicha qolaveradi.
* * *
Inson jismini vayron etguvchi ajal uning abadiy, barqaror, na tug‘ilish va na o‘limni bilmaydigan ruhi oldida ojizdir.
* * *
Birodarlik muhabbati ila birlashingiz, faqat o‘zingizga qadrli bo‘lgan kimsalar uchun emas, balki, butun insoniyat uchun hayotingizni qurbon etishga tayyor bo‘lingiz. Barcha odamlarni bir oila a’zolari kabi ko‘ringiz, zero, ular Olloh farzandlaridir, shunda ular o‘rtasida hech qanday tafovut ko‘rmagaysiz.
* * *
Musiqada ko‘plab turli-tuman ohanglar qo‘shilib yagona barkamol kuyga aylangani kabi insoniyat oilasidagi rang-baranglik ham muhabbat va uyg‘unlik manbai bo‘lmog‘i lozim. Mabodo, siz boshqa millat yoki boshqa irqdagi kishini uchratib qolsangiz, unga ishonchsizlik bilan boqmang va o‘z taomilingiz qobig‘iga bekinib olmang – ularni shod-xurram bo‘lib olqishlang, sizning ahvolingizni his etishlari uchun ularga imkon bering. Ularni insoniyatning go‘zal bog‘idagi rang-barang atirgullar deb faraz qiling, ular bilan mushtarak ekanligingizdan xursand bo‘ling.
* * *
Bugungi eng dolzarb vazifa – inson tabiatini mukammallashtirish, axloqni poklash, fe’l-atvorni yaxshilashdir. Rahmon Ollohning sevimli bandalari Uning yaralmishlari oldida shundayin sifat va amallarni namoyon etishlari shartki, ularning sharofati bilan muqaddaslik bog‘laridan esadigan shabadalar butun zaminni o‘z muattar bo‘ylariga to‘ldirmog‘i, o‘lik qalblarni qayta tiriltirmog‘i lozim.
* * *
Dushmanlikning asosiy sababi – diniy rahnamolar va voizlar tomonidan din mohiyatining xato talqin qilinishidadir. Ular o‘z izdoshlarini o‘zlari ibodat qilayotgan din Ollohga manzur yagona din ekanligiga, boshqa har qanday diniy e’tiqod tarafdorlari barchani sevguchi Otamiz tomonidan la’natlanishiga, hamda, Uning shafqat va marhamatidan judo bo‘lishiga ishontiradilar. Bu kishilar o‘rtasida ixtilof, takabburlik, janjal-nizolarni tug‘diradi. Agar diniy xurofotlar barham topganda edi, xalqlar o‘rtasida tinchlik va totuvlik tantana qilgan bo‘lur edi.
* * *
Ey Ollohning sevimli bandalari! Hammaga mehribon bo‘ling, har bir kishiga hamdardlik qiling; kishilarning qalbi va aqli tozalanishi uchun imkoni bo‘lgan hamma narsani ado eting; har bir ko‘ngilni shod qilishga intiling. Har bir o‘tloq uchun qut-baraka yomg‘iri bo‘lib yog‘ing, har bir daraxt uchun obi-hayot bo‘lib oqing; insoniyatni mayin mushku-anbar iforiday o‘rab yuring, iztirobda qolganlar uchun toza hayotbaxsh shabadadek esib turing. Barcha chanqoqlarga najot eltguvchi anhor bo‘ling, yo‘lidan adashganlar uchun jonkuyar rahbon bo‘ling; etimga ham ota, ham ona, keksaga sevimli o‘g‘il yo qiz, kambag‘alga mo‘l-ko‘l xazina bo‘ling. Muhabbat va samimiy do‘stlikni samoviy huzur-halovat deb, adovat va nafratni do‘zaxiy azob-uqubat deb biling.
* * *
Siz o‘z mulohazalaringizdan a’loroq mulohaza yuritadigan kishilar bilan munosabatda bo‘lganingizda ulardan yuz o‘girmang. Hamma haqiqat izlaydi, haqiqatga esa ko‘plab yo‘llar olib boradi. Haqiqatning ko‘plab jilolari bor, biroq, uning mohiyati yagonadir. Ziddiyat va fikrlar rang-barangligi siz bilan yaqinlaringizning begonalashib ketishiga, janjal-nizolarga, adovatga, yuragingizda nafrat tug‘ilishiga sabab bo‘lmasligi lozim.
* * *
Mukammal muhabbat g‘arazsiz va har qanday kishanlardan mutlaq erkin bo‘lmog‘i lozim. Oilaga bo‘lgan muhabbat cheklangan, chunki, qon-qarindoshlik munosabatlari eng mustahkam rishtalardan emasdir. Ko‘pincha bir oila a’zolari o‘zaro nifoqda yashaydilar va hatto, bir-birlarini ko‘rolmaydilar.
Vatanga bo‘lgan muxabbatning chegaralari bordir: kishining boshqa yurtlarga nisbatan nafrat tug‘diruvchi o‘z mamlakatiga muhabbati komil bo‘lishi mumkin emas. Ayrim hollarda, hatto, vatandoshlar ham o‘zaro ichki nizo-yu janjallar bilan bosh ko‘tarib chiqadilar…
Siyosiy ehtiroslar bir partiyaning ikkinchisiga nisbatan nafratiga aylanib ketadi…
Insoniyatga bo‘lgan buyuk fidoiy muhabbat bizning nokomilligimiz va xudbinligimizdan kelib chiqadigan barcha bu rishtalardan ozoddir. U butun insoniyatga berilgan yagona mukammal muhabbat bo‘lib, unga faqat Ilohiy Ruh qudrati orqali erishish mumkin. Hech bir zaminiy kuch insonda butun dunyoni qamrab oladigan muhabbatni uyg‘otishga qodir emas.
Illo insonlar Ilohiy muhabbat kuchi orqali birlashsinlar! Toki bu intihosiz muhabbat yog‘dulari ostida abadiy qolmoq uchun ularning qalblari birdamlikda bo‘lsin…
Sizning oilangizga yoki vatandoshlaringizga bo‘lgan muhabbatingizni ana shu mangu muhabbat shu’lalari nurafshon etib tursin! O‘z oilangizdan bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’iy nazar Ilohiy sifatlarni o‘zida aks ettirgan har bir kishini seving. O‘z yo‘lingizda uchragan barcha kimsalarga cheksiz muhabbat nurlarini yog‘diring… Agar siz butun dunyoga sochilib ketgan xalqlarni qudratli birdamlik chodiri ostida yig‘ishga kirishsangiz, falaklar ham sizga madad beradi. Siz insoniyatga xizmat qilish ishida Ollohning xizmatkoriga, Uning samoviy yordamchisiga aylanasiz. Bu butun insoniyatga xizmatdir! Bu har bir insonga xizmatdir! Buni hech qachon yoddan chiqarmang!
* * *
Men sizga baxtli bo‘lishingizni tilayman… illo, xandon kulib, quvonch taratingki, boshqalar ham sizni ko‘rib, baxtiyorlikni his etsinlar.
Bahoiy duo va ibodatlari
Qisqacha farz ibodati
(Tush paytidan quyosh botgunga qadar har kecha- kunduzda bir marta o‘qiladi)
Yo Ollohim, guvohlik beramanki,
Sen meni Seni bilmog‘im va
Senga ibodat qilmog‘im uchun yaratding.
Ushbu damda guvohlik beramanki,
men ojiz va Sen quvvatlisan,
men zaif va Sen qudratlisan,
men faqir va Sen g‘aniysan.
Balo-qazoda Sendan o‘zga madadkor,
abadiy Birubor Parvardigor yo‘qdur.
Hazrati Bahoullo
Og‘ir daqiqalarda o‘qiladigan madad duolari
Ollohdan o‘zga mushkulotlarga najot berguvchi kim bor?
Aytgin: Subhonolloh! U Ollohdir!
Hamma uning bandasi va hamma uning amriga itoat qilur.
Hazrati Bob
* * *
Sening kuch-qudrating haqi iltijo qilaman, yo Ollohim.
Sinovli kunlarda yovuzlik menga ta’sir etishiga yo‘l qo‘yma va beg‘amlik chog‘larimda qadamlarimni O’z nafasing kuchi ila to‘g‘ri yo‘lga hidoyat ayla.
Sen Ollohsan va neki istasang amalga oshgay. Hech kim Sening irodangga qarshi chiqolmas yoki Sening niyating amalga oshishiga to‘sqinlik qilolmas.
Hazrati Bob
* * *
Yo Ollohim, Sendan panoh izlayman va Sening nishonalaring sari yuz tutaman.
Yo Ollohim, safarda yo uyda bo‘lmayin, ishlarim va amallarimda Senga tavakkul qilaman.
Menga O’z etarli yordamingni yuborginkim, toki hech narsaga muhtoj bo‘lmayin, ey Mehribonlikda tengi yo‘q Tangrim.
Yo Ollohim, mening rizqu ro‘zimni O’z xohishingga ko‘ra bergin va muayyan etgan nasibangdan meni xushnud ayla.
Darhaqiqat, barcha amrlar Sening qo‘lingdadir.
Hazrati Bob
Mag‘firat duosi
Huvalloh!
Ey gunohlardan o‘tguvchi Parvardigor! Bu bandalaring uchun panoh O’zing, siru-asrorlardan voqifu ogoh O’zing. Biz hammamiz ojiz, Sen Qudratli va Quvvatlisan. Biz hammamiz gunohkor, Sen esa, gunohlardan O’tguvchi, Rahmli va Rahmonsan.
Yo Rabb! Bizning qusurlarimizga boqma. O’z fazlu-muhabbating ila bizlarga muomala qil. Bizning xatolarimiz ko‘p, ammo, Sening marhamating dengizi tuganmasdir. Bizning ojizligimiz ko‘p, lekin, Sening ko‘maging va yordaming oshkordir. Shuning uchun O’z madadingni bizdan darig‘ tutma va bizni O’z Dargohingga sazovor bo‘lguvchi amallarga muvaffaq ayla. Qalblarni yorug‘, ko‘zlarni ravshan, quloqlarni eshitguvchi qil; o‘liklarga jon, xastalarga shifo, faqirlarga boylik, qo‘rqqanlarga esa, aminu omonlik ber va bizni O’z maloyikalaring osmonida qabul etilajak hidoyat nuri ila yoritgin.
Sen Qudratli, Quvvatli, Karim va Mehribondursan.
Hazrati Abdul-Baho
Oila uchun o‘qiladigan duolar
O’z bandalaringning Senga murojaat qilishlarini tilaganing uchun Sendan rahmat va mag‘firat so‘rab iltijo qilaman. O’z hukmronligingga asosan gunohlarimizni yuvishingni, meni va ota-onamni, hamda, Sening hukming ostida Sening ishqing chodiriga kirgan bandalaringni O’z beadad hokimliging va O’z samoviy qudrating shuhratiga muvofiq holda kechirishingni so‘rayman.
Ey mening Ollohim, Sen ruhimni o‘z iltijolarini Senga qaratishi uchun ilhomlantirding, illo Seningsiz men Senga munojot aylamas edim. Sen yuksalgan va shavkatlisan, Sen menga O’zingni namoyon etding. Meni avf etishingni iltijo qilaman, zero, Seni tanimoqlikdek burchimni ado eta olmayapman va Sening muhabbating yo‘lida ilg‘or bo‘lolmadim.
Hazrati Bob
Ota-onalar uchun
Yo Tangrim! Ushbu ulug‘vor Ahdda Sen farzandlarning o‘z ota-onalari uchun qiladigan duolarini qabul etgaysan. Bu, mazkur Ahdning bitmas-tuganmas in’omlaridan biridir. Shuning uchun, yo marhamatli Tangrim, Vahdoniyating Ostonasida, ushbu xizmatkoringning o‘z otasini Sening marhamating ummoniga g‘arq etishni so‘rab qilgan iltijosini qabul et, zero, bu farzand Sening xizmatingga bel bog‘ladi va Sening Muhabbating yo‘lida har daqiqa jon kuydirmoqda.
Illo Sen Karim, G‘ofir, Saxovatlisan.
Hazrati Abdul-Baho
Bolalar uchun
Yo Mehribon Parvardigor! Bu ajoyib bolalar Sening Qudratli qo‘ling san’atidir va Sening ulug‘vorliging alomatidir. Yo Parvardigor! Ushbu bolalarni O‘zing himoya qilgin, ularning ta’lim olishlariga madad bergin, ularni insoniyat olamiga xizmat etishga muvaffaq etgin.
Yo Parvardigor! Bu bolalar durdonalarkim, ularni o’z inoyating sadafi og‘ushida parvarish ayla. Sen Baxshanda va Mehribondursan.
Hazrati Abdul-Baho
Marhumlar xotirasiga o‘qiladigan duo
Yo Parvardigorim!
Ey Sen gunohlardan o‘tguvchi, in’omlar ato etguvchi, balolarni bartaraf etguvchi Tangrim!
Sendan iltijo qilaman, o‘z jismoniy libosini tark aylab, ruhiy olamga rixlat etganlarning gunohlarini mag‘firat etgaysan.
Yo Tangrim ularni qilgan xatolaridan poklab, g‘ussalarini aritgaysan va zulmatlarini nur ila yoritgaysan.
Ularni iqbol bog‘iga doxil etib, eng zilol suvlar bilan cho‘miltirginkim, toki Sening ulug‘vorligingni eng yuksak cho‘qqilarida ko‘rsinlar.
Hazrati Abdul-Baho
Shifo duosi
Sening isming mening shifoyimdir, yo Ollohim.
Sening yoding bilan men shifo topgayman.
Senga mahramlik umidim, Senga muhabbatim yo‘ldoshimdir.
Sening menga marhamating menga bergan shifoying,
bu dunyo-yu, u dunyodagi imdodingdir.
Illo, Sen Saxovatli, Xabardor, Bilguvchisan.
Hazrati Bahoulloh
Dasturxon duosi
Huvalloh! Ey mening Ollohim!
Bu sufraning atrofida yig‘ilib Sening ne’matlaringga shukr etdik va Sening Maloyikalaring osmoniga boqdik.
Yo Rabb! Bizga ne’mat va barakotlaringdan nozil ayla, chunki Sen Rahmon va Rahimsan.
Hazrati Abdul-Baho
Eslatma: Mazkur kitoblardan foydalanilgnda manba ko’rsatilishi shart.