“Ishonch Kitobi” deb atalmish mazkur asarda, Hazrati Bahoulloh Olloh va Uning Elchilarining tabiati, hamda, insoniyat uchun ruhiy rivojlanishning maqsad va mohiyati kabi ilohiy siru asrorlarni yoritadilar.
KITOBI IQON (Ishonch Kitobi)
(c) O‘zbekiston Milliy Ruhoniy Kengashi
KITAB-I-IQAN
The Book of Certitude
ISBN 5-93283-001-8
BIRINChI QISM
1.
BISMILLOHIL BAHOUL ABHO
(Shonlilar Shonlisi Rabbimiz nomi bilan)
Samovotu zaminda mavjud bo‘lganlardan butkul ko‘ngil uzmagan banda, irfon dengizi sohillariga yetisha olmas. Ruhingizni muqaddas aylang, ey zamin ahli, toki Olloh siz uchun taqdir etmish maqomga yeting va Ilohiy Taqdirga ko‘ra, Bayon samosida qurilmish chodirga doxil bo‘ling.
2.
Ushbu so‘zlarning mohiyati shuki, iymon yo‘liga kirganlar va ishonch sharobiga tashnalar, o‘zlarini barcha dunyoviy narsalardan, ya’ni, quloqlarini behuda suhbatlardan, fikrlarini xom xayollardan, yuraklarini dunyoviy bog‘liqliklardan, ko‘zlarini foniy narsalardan pok va muqaddas aylasinlar. Ular Ollohga tavakkul etib, Uning etagidan mahkam tutib, Uning yo‘lidan yurmoqlari lozim. O‘shanda, ular irfon va idrok quyoshining porloq shafaqlariga loyiq bo‘lib, intihosiz bir g‘ayb fazlni o‘zlarida joy eturlar; zero, banda olimu johillarning so‘zi, amali va fe’l-atvorini Olloh va Uning Avliyolarini tan olishning asosi va Haq ma’rifatining mezoni deb qabul qilar ekan, hargiz Izzat Sohibining Ma’rifat Rizvoniga doxil bo‘lmas, baqo sarmanziliga yetisha olmas, ilohiy yaqinlik va rizo jomidan tota olmas.
3.
O‘tmishga nazar soling. Yuksak va past martabali kishilar hamisha Ahadiyat Zuhurlarining Muqaddas Shaxslar orqali kelishiga muntazir edilar. Va barcha zamonlarda, ilohiy rahmat nasimining esishini, va’da etilgan Jamolning g‘ayb chodiridan chiqib, butun olam qarshisida zohir bo‘lishini duolarda yolvorib so‘raganlar. Inoyat darvozalari ochilib, ilohiy karam bulutlari insoniyat uzra to‘kila boshlaganda va samoviy qudrat ufqidan g‘ayb Quyoshi porlaganda esa, ularning bari Undan tondilar va Uning, ayni Ollohning yuzidan yuz o‘girdilar. Bularning bari har bir muqaddas kitobda batafsil yozilgandir.
4.
O‘z izlanishlarida ishtiyoq ila yongan kishilar tomonidan ko‘rsatilgan bundayin e’tirozning sababi haqida bir zum fikrlang. Ularning shafqatsiz hujumini til yoxud qalam zikr etmoqqa ojiz. Biron bir Muqaddaslik Mazhari yo‘qki, qachonki Ul zohir bo‘lganida, atrofdagi insonlarning e’tirozu inkori va shiddatli qarshiligiga mubtalo bo‘lmasin. Chunonchi nozil etildi: “Voy bandalar hasrati! Ularga hech bir Rasul kelmasin, unga istehzo etdilar.”[i]Yana buyurar: “Har ummat o‘z Rasuliga hamla qilish uchun botil so‘zlar ila bahs qurib, uning haqiqatini yolg‘onga chiqardi”.[ii]
5.
Shuning uchun, ilohiy qudrat bulutlaridan va izzat samosidan nozil bo‘lgan bu so‘zlar behisob bo‘lib, ularni bandalarga xos oddiy idrok ila qamrab bo‘lmas. Chinakkam fahm va zehn sohiblari uchun Hud surasi kifoyadir. O‘z qalbingizda ushbu muborak sura ustida mushohada yuriting va uning asl fitratini anglashga intiling. Toki Anbiyolarning ajoyib fe’l-atvorini sinchiklab tahlil qiling va uni rad etgan yolg‘onchi odam bolalarining to‘hmat va inkorlarini xotirlang. Shoyadkim, inson qalbi qushlarini nafsiy g‘aflat vatanidan ilohiy vahdat va ma’rifat oshyoniga parvoz ettiring va loyazol hikmat bulog‘idan iching va zuljalol ilmi daraxti mevalaridan bahramand bo‘ling. Muqaddaslik va abadiyat sufrasidan pok yuraklar uchun nozil bo‘lmish nasiba ushbudir.
6.
Agar siz Anbiyolarning ustiga yog‘dirilgan haqoratlardan ogoh bo‘lsangiz va zolimlar e’tirozlarining asl sababini tushunsangiz, Ular maqomining ahamiyatini so‘zsiz anglab yetgan bo‘lar edingiz. Bundanda ortiqroq, ilohiy sifatlar zuhuri bo‘lmish Zotlarga qarshi chiqqanlarning inkor-e’tirozlari ustida qanchalik ko‘proq mushohada etsangiz, Olloh Amrida sizning iymoningiz shunchalik mustahkamroq bo‘ladi. Barcha zamonlar va asrlar davomida, qudrat va izzat Mazharlarining boshiga shundayin kulfatlar solindiki, ularni tasvirlashga qalam xijolat chekar, bu haqiqatni isbot va oshkor etmoq uchun, mazkur lavhda Anbiyolar haqidagi hikoyalar qisqacha esga olinajak. Shoyad, bu dalillar ba’zi bir odamlarga davrning ulamo va nodonlarining baqir-chaqir va e’tirozlaridan xavotirga tushmasdan, aksincha, o‘z iymon va ishonchlarini kuchaytirish uchun sabab bo‘lsin.
7.
Anbiyolar orasida Nuh bor edi. U to‘qqiz yuz ellik yil O‘z qavmiga nasihat qilib yolvorib, ularni tinchlik-omonlik vohasiga chaqirdi. Biroq, hech kim Uning chaqirig‘iga quloq solmadi. Ul muborak Zotga har kuni shu qadar azob-uqubatlar yetqazilar ediki, Uning omon qolishiga hech kim ishonmasdi. Qanchalar Uni inkor etib, masxarayu, istehzoyu, kinoyalar ila ranjitdilar! Chunonchi, buyurmish: “Har safar qavmdan bo‘lgan zodagonlar Uning yonidan o‘tsalar, Uni masxara qilardilar. U ularga dedi: “Gar bizni masxara qilursiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilurmiz. Bas, oxirda buni bilursiz”.[iii] Anchadan so‘ng, U O‘z sahobalariga bir necha marotaba g‘alabani va’da etib, uning vaqtini muayyan etdi. Vaqt-soati kelganda esa, ilohiy va’da amalga oshmadi. Bu, shusiz ham kamsonli sahobalardan bir nechasining Undan yuz o‘girishiga sabab bo‘ldi, chunonchi, buning tafsiloti aksari mashhur kitoblarda bitilmish. Va albatta, siz ularni o‘qigansiz, yo‘qsa, shubhasiz o‘qirsiz. Nihoyat, kitobu rivoyatlarda tasdiq etilgani kabi, Ul Hazrat yonida qirq yoki yetmish ikki nafardan boshqa izdosh qolmadi. Oxir-oqibat, U borlig‘ining qa’ridan nido etdi: “Rabbim! Yer yuzida kofirlardan birontasini qoldirma!”[iv]
8.
Endi esa, bu insonlarning gumrohligi ustida bir qadar mulohaza yuriting. Ular tomonidan ko‘rsatilgan bunchalik e’tiroz va hazarlarning sababi nimada edi? Ularni, inkor ko‘ylagini yechib, qabul libosi bilan bezanmoqdan bosh tortishga nima undadi? Qolaversa, nima sabab bo‘ldiki, ilohiy va’da amalga oshmadi va toliblarni qabul etgan narsalaridan tonmoqlariga olib keldi? Teran mushohada etingki, g‘ayb narsalar siridan voqif bo‘lgaysiz, haqiqiy ma’naviyat gulistonining iforlaridan tuyib, ushbu haqiqatni tasdiq etgaysiz, zero Qudrat Sohibi azal-azaldan va abadul-abad O‘z bandalarini sinovga solgan va solishda davom etadi, toki nur zulmatdan, rost yolg‘ondan, haq botildan, hidoyat zalolatdan, xushbaxtlik badbaxtlikdan, gul tikandan mumtoz va ma’lum ajralib tursin. Chunonchi, U buyurmish: “Odamlar “Iymon keltirdik(mo‘minmiz)” deyish bilan, imtihon qilinmay o‘z hollariga tashlab qo‘yiladi deb o‘ylaydilarmi?”[v]
9.
Nuhdan keyin, xilqat mashrig‘idan Hud jamolining nuri porladi. Aytishlariga ko‘ra, qariyib yetti yuz yil davomida, U insonlarni Zuljalol Rizvoniga yaqinlashish va uning huzuri tomon yuz qaratishga da’vat etdi. Uning uzra qancha balolar yog‘ildi, U qanchalik ko‘p da’vat etmasin, shunchalik ko‘proq isyon tug‘dirdi va Uning otashin urinishlari qavmining qaysarona ko‘rligiga olib keldi. “Kofirlarning kufri ularning o‘ziga zarar orttirar”.[vi]
10.
Undan keyin, muborak Zot bo‘lmish Solih, ma’naviy g‘ayb Rizvonidan qadam qo‘ydi va insonlarni yangidan boqiy hayot daryosiga yaqinlashishga da’vat etdi. Yuz yildan ko‘proq muddat davomida, U ularga Ilohiy hukmlarni bajarish va man etilgan narsalardan kechishni amr etdi. Lekin, Uning nasihatlari samarasiz va Uning yolvorishlari natijasiz qoldi. U bir necha marta tarki dunyo etib, tanholikda yashadi. Holbuki, ushbu azaliy Jamol insonlarni faqatgina Olloh shahriga chorlamish edi. Chunonchi, buyurmishki: “Va Samudga birodari Solihni yubordik. U dedi: “Ey qavmim, Ollohga ibodat qilingiz, sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdur…”. Ular javob berdilar: “Ey Solih, sen ilgari ichimizdagi eng umidli kishi edingku; endi bizlarni ota-bobolarimiz ibodat qilib kelgan butlarga ibodat qilishimizdan qaytarurmisan?! Albatta, bizlar sen da’vat etayotgan diningdan shak-shubhadamiz.”[vii] Bularning bari befoyda bo‘ldi va oxir oqibat, ulkan faryod ko‘tarilib, barchalari otashga mubtalo bo‘ldilar”.
11.
Undan so‘ng, Halilulloh[viii] jamoli niqob ortidan o‘zini kashf etdi va ilohiy hidoyatning yana bir tug‘i qad ko‘tardi. U zamin ahlini taqvo nuriga da’vat etdi. U, ularga qanchalik ishtiyoq ila nasihat etmasin, ulardagi hasad va g‘aflat shunchalik avjiga chiqdi, faqatgina Ollohdan boshqa har narsani inqito’ etganlar va ishonch qanotlarida, insoniy idrokdan yuksak bo‘lmish ilohiy maqomga ko‘tarilganlar bundan istisno bo‘ldilar. Ma’lumki, yov galalari Uni shu qadar iskanjaga oldiki, oxir-oqibat Unga qarshi hasad va isyon o‘ti yondirildi. Olov qissasidan so‘ng, insonlar orasida Ilohiy Siroj bo‘lmish Ul Zot o‘z shahridan quvildi, chunonchi, bu haqda barcha kitob va yilnomalarda bitilmishdir.
12.
Uning zamoni tugaganda, Musoning navbati keldi. Ul Hazrat Samoviy aso ila qurollanib, qo‘lini Ilohiy ma’rifat mo‘’jizasi ila bezab, Olloh muhabbati Foronidan chiqibon, samadoniy shavkat va qudrat ilonini o‘z izmida ushlab, nur Sinosidan dunyoga zohir bo‘ldi. Ul Zot, yer yuzining jamiyki xalqlari va elatlarini abadiyat saltanatiga chorladi va ularni vafo daraxti mevalaridan totmoqqa da’vat etdi. Albatta, Fir’avn va uning qavmi naqadar shiddat ila Unga qarshi chiqqanini va mushrik qo‘llarning Ul muborak Shajaraga shubha toshlarini otganini eshitgansiz. Shu darajagacha yetib bordiki, oxiyri Fir’avn va uning qavmi ko‘tarilib, Ul muqaddas Sidra o‘tini inkor va bo‘hton suvlari bilan o‘chirmoq uchun qo‘llaridan kelganini qildilar, faqat, ular bir haqiqatdan bexabar edilar, hech bir moddiy suv ilohiy hikmat o‘tini so‘ndira olmas, hech bir muxolif to‘fon rabboniy qudrat chirog‘ini o‘chira olmas. Bil’aks, agar siz ichki nigoh ila boqsangiz va Olloh rizoligi yo‘lidan yursangiz, ko‘rursizki, bunday suv o‘sha o‘tni yanada alanga oldiradi, bunday to‘fon esa o‘sha chiroqni qo‘riqlaydi. Fir’avn avlodidan bo‘lgan bir mo‘min shunchalik go‘zal bayon etmishki, chunonchi, uning hikoyasini Rabbul Izzat O‘z Habibiga buyurmish: “Fir’avn xonadonidan bo‘lgan, o‘z iymonini yashirib yuradigan bir mo‘min kishi dedi: “‘Mening Rabbim Ollohdir’ degan kishini o‘ldirasizmi? Holbuki, U sizga Rabbingizdan ochiq oydin hujjatlar ila kelmishdir. Agar u yolg‘onchi bo‘lsa, yolg‘oni o‘z bo‘yniga, agar rostgo‘y bo‘lsa, sizlarga u va’da qilayotgan (azoblardan) ayrimlari yetib qoladiku. Albatta, Olloh haddan oshguvchi, yolg‘onchi kimsalarni hidoyat qilmas”.[ix] Ниҳоят, улaрнинг зулми шу даражагача бордики, ўша мўминни оғир азобларга солиб шаҳид этдилар. “Оллоҳнинг лаънати золим қавм устига бўлсин”.[x]
13.
Va endi bu ishlar ustida o‘ylab ko‘ring. Bunday qarama-qarshiliklarga nima sabab bo‘lishi mumkin edi? Nima uchun har bir Olloh Mazharining kelishi, bunday janjal va sarosima, bunday zulm va g‘alayonlar bilan kechgan? Bularga qaramay, jamiyki Anbiyolar, qachonki, dunyo xalqlari orasida zohir bo‘lmasin, O‘zlaridan so‘ng, boshqa bir Payg‘ambarning kelishini bashorat qilganlar, hamda, kelajak zuhurlarga xos alomatlarni aytib o‘tganlar. Chunonchi, barcha muqaddas kitoblardagi bitiklar bunga guvohlik bergay. Bas, unda nima uchun Muqaddaslik Mazharlarining kelishini talpinish va zoriqish bilan kutgan odamlar, muqaddas kitoblarda yozilmish alomatlarga qaramay, Ollohning jamiyki Anbiyo-yu Asfiyolariga qarshi har bir asr va davrda bunchalar tajovuz, zulm, jabr va shafqatsizlik ko‘rsatganlar? Chunonchi, buyurilmish: “Har zamonu asrda, Parvardigor tomonidan bir Payg‘ambar sizlarning havoyu nafsingizga yoqmaydigan narsa bilan kelsa, takabburlik ko‘rsatib, mo‘min bo‘lmadingiz va ba’zilarini yolg‘onchiga chiqarib, ba’zilarini esa o‘ldiraverdingiz”.[xi]
14.
Mulohaza yuriting, bundayin amallarning sababi nima? Zuljalol jamolini taratguvchi Zotlarga nisbatan bunday muomala qilishga nima undashi mumkin? O‘sha davrdagi odamlar inkor va e’tirozining sababi nima bo‘lgan bo‘lsa, mazkur davr odamlarining g‘aflatiga ham o‘sha sababdir. Olloh dalilining komil emasligini ta’kidlash va buni insonlar e’tiroziga sabab qilish, oshkora kufrdir. Bir tomondan, o‘z xalqini hidoyat etmoq uchun insonlar orasidan bir nafarini tanlab, ammo, Unga yetarlicha hujjat ato etmaslik, boshqa tomondan esa, Saylangan Zotni qabul qilmaganliklari uchun xalqqa og‘ir jazo berish, Fayoz fayzidan naqadar yiroqdir! Aksincha, borliq Sultoni azaldan jamiyki mavjudotlarni o‘z Ilohiy Mohiyatining Mazharlari vositasi ila qamrab kelgan. Bir on bo‘lsada, Uning fayzi tugamagan va bashar uzra inoyat bulutlaridan rahmat yomg‘irlari yog‘ishdan to‘xtamagan. Binobarin, bunday voz kechmoqlik, kibr va g‘urur vodiysida sayr etib, olislik sahrolarida kezgan, o‘z shak-shubhalari va ulamolaridan eshitganlariga ergashgan kishilarning tor tushunchasining oqibatidan bo‘lak narsa emas. Shu sabab, ularning e’tirozdan boshqa asosiy tashvishi yo‘q; ularning yagona tilagi haqiqatni mensimaslikdir. Har bir ichki nigoh ila mushohada etguvchi uchun oydin va oshkordirki, agar bunday insonlar Haqiqat Quyoshining Mazharlaridan har birining kunlarida ko‘zlari, quloqlari va qalblarini, ko‘rgan, eshitgan va his etganlaridan pok va muqaddas etsalar edi, ular, albatta, Olloh go‘zalligini ko‘rmoqdan mahrum bo‘lmagan, Unga yaqinlik va visol maskanidan chetda qolmagan bo‘lar edilar. Har qachon, Ollohning dalil-hujjatlari o‘z ulamolari ta’limotidan olingan bilimlar mezonida o‘lchanib, zaif aqllariga muvofiq kelmaganida, ular shundayin noloyiq hatti-harakatlarni amalga oshirardilar.
15.
Har bir davrda, din peshvolari o‘z qavmlariga abadiy najot sohillariga yetishmoqlarida mone’lik qilib kelganlar, zero, ular hokimiyat jilovini o‘z qo‘llarida mahkam tutganlar. Ba’zilari hokimiyatga hirs qo‘yganligidan, boshqa birlari esa, bilim va tushunchasi yetishmasligidan o‘z xalqining mahrumiyatiga sabab bo‘ldilar. Ularning izni va fatvolari bilan, hamma Anbiyolar qurbonlik qadahidan ichib, izzat zirvalariga parvoz etdilar. O‘sha davr hukmdorlari va ulamolari olamning Haqiqiy Sultonlari va Ilohiy Fazilat Javohirlariga qarshi ne-ne zulmlar o‘tkazdilar! Foniy hukmronlikka qone’ bo‘lib, ular, mangu saltanatdan o‘zlarini mahrum etdilar. Chunonchi, ko‘zlarini Mahbub jamoli nurini ko‘rishdan, quloqlarini esa, Maqsud Kabutarining navolarini eshitishdan benasib etdilar. Shu bois, jamiyki samoviy kitoblarda har bir davr ulamolarining ahvoli zikr etilmishdir. U shundayin buyurar: “Ey, ahli kitob! Nima uchun o‘zlaringiz guvoh bo‘la turib, Ollohning oyatlariga kufr keltirasiz?”[xii] Shuningdek, U buyurar: “Ayt: Ey, ahli kitob! Nima uchun haqni botil bilan aralashtirasiz?[xiii] Nima uchun bila turib haqni yashirasiz?” Boshqa bir joyda buyuradi: “Ey, ahli kitob! Nima uchun iymon keltirgan kishilarni Olloh yo‘lidan to‘sib, qaytarasiz?”[xiv] Ilohiy nazar bilan qarasangiz ma’lum bo‘ladiki, mardumni sirotal-mustaqimdan qaytargan “kitob ahli”, o‘sha davr ulamolarining o‘zlari edilar va ularning nomlariyu, qilmishlari muqaddas kitoblarda va oyatu hadislarda yozilmish.
16.
Endi esa, Ollohning qusursiz nazaridan tug‘ilgan o‘z qat’iy va ziyrak nigohingizni rabboniy ilm ufqiga qarating va Abadiylik tomonidan nozil etilgan komil so‘zlar borasida o‘ylab ko‘ring, toki jalol pardasi ortida va Uning fazli chodiri ichra pinhon bo‘lgan ilohiy hikmat sirlari sizga zohir va huvaydo bo‘lgay. Ushbu din peshvolarining inkor va e’tirozlari, asosan, ularning bilim va tushunchalarining ozligidan kelib chiqqan. Yagona Haq jamol Mazharlari tomonidan kelajak Zuhurlarning alomatlari haqida aytilgan bayonlarini hech qachon tushunmadilar va uning mohiyatini anglamadilar, shuning uchun ular isyon tug‘ini baland ko‘tarib fitna-fasod uyushtirdilar. Ravshanki, Abadiyat Kabutarlari so‘zlarining haqiqiy ma’nosi Azaliy Mavjudlik bo‘lmish Zotlardan boshqa hech kimga ochiq emas, Ma’naviyat Bulbulining taronalari esa, Baqo saltanati ahlidan boshqa hech kimning qulog‘iga yetib bormas. Zulm qibtisi, adolat sibtisining dudoqlari ichgan qadahdan hech vaqt totmas, kofirlik fir’avni hech vaqt Haqiqat Musosining qo‘lini tan olishga umid qilmas. Chunonchi, buyurar: “Uning tafsirini Ollohdan va ilmda sobit bo‘lganlardan boshqa hech kim bilmas”..[xv] Bunga qaramay, ular Kitob tafsirini pardalar bilan to‘silganlardan so‘radilar va ilmni uning manbasidan olishdan bosh tortdilar.
17.
Chun, Muso ayyomi tugab, Iso shu’lasi Ruh mashrig‘idan porlabon, olamni munavvar etganda, jamiyki yahudiylar Unga e’tiroz etib ko‘tarildilar. Ular da’vo etdilarki, Tavrotda va’da qilingan Zot kelib, Muso qonunlarini tasdiq etmog‘i va amalga oshirmog‘i kerak, holbuki Masiulloh maqomiga da’vo etgan ushbu Nasroniy yigit, Musoning eng jiddiy hukmlari bo‘lmish, taloq va shanba qonunlarini bekor etmishdir. Bundan ortiq, Zuhur alomati nimada bo‘lsin? Chunonchi, yahudiylar, hatto bu kunda ham Tavrot darak bergan Mazharni kutmoqdalar! Muso davridan buyon qancha Muqaddaslik Mazharlariyu, qancha abadiy nur mashriqlari zuhur etilmasin, yahudiylar eng qat’iy shaytoniy shak-shubha pardalariga o‘ranib, xayoliy but uchun o‘zlari o‘ylab chiqqan alomatlarning qachon zohir bo‘lishini hanuzgacha kutarlar. Olloh bunday gunohlariga ko‘ra ularni jazolamish, ularda iymon ruhini so‘ndirmish va ularni jahannam otashi azobiga mahkum etmishdir. Zero bu, kelajak Mazharning alomatlari haqida Tavrotda nozil etilmish so‘zlarning ma’nosini tushunmoqqa qodir emasliklaridan bo‘ldi. Shuning uchun, Iso jamolini tanimoqlikdan mahrum bo‘ldilar va Ilohiy Liqoni ko‘rishga noyil bo‘lmadilar. Va hamon, Uning kelishiga muntazirlar! Azal-azaldan va bugunga qadar, barcha ummatlar shunday xom xayollar va noloyiq fikrlarga yopishib, o‘zlarini latif muqaddaslik chashmalaridan oqayotgan pok suvlardan bebahra va benasib etdilar.
18.
Bu sirlarni kashf qilar ekanmiz, Biz, shirali Hijoz tilida do‘stlardan biriga atalgan avvalgi Lavhlarimizda, o‘tmish Anbiyolariga nozil bo‘lgan oyatlardan bir nechasini zikr etib o‘tdik. Endi esa, sizning savolingizga javob berar ekanmiz, bu sahifalarda yana o‘sha oyatlarni, ammo bu gal, Iroq lahjasining xushnavo ohangida aytib o‘tamiz, toki olislik sahrosida kezgan tashnalar yaqinlik ummoniga yetishsinlar, hamda, hijronu firoq cho‘llarida sargardon yurganlar abadiy visol chodiriga yo‘l topsinlar. Toki, zalolatu gumrohlik bulutlari tarqalib, jahontob hidoyat quyoshi qalblar ufqi uzra porlasin. Biz Ollohga tavakkul etib, Undan madad berishini iltijo etgaymiz, shoyad, ushbu qalamdan neki to‘kilsa, insonlar ruhini tiriltirsin, ularning barini g‘aflat to‘shagidan ko‘tarsin, hamda, ular Olloh izni va ilohiy qudrat qo‘li ila Abho Rizvonida ekilmish daraxtning yaproqlaridan jannat shivirini tuysinlar.
19.
Idrok sohiblari uchun ochiq va oydinki, Iso muhabbati otashi Yahudiy cheklov pardalarini kuydirib tashlaganda va Uning hokimiyati namoyon bo‘lib, qisman kuchga kirganda, G‘ayb Jamolining Mazhari bo‘lmish Ul Zot, kunlarning birida O‘z sahobalariga murojaat etar ekan, ularning yuraklarida judolik o‘tini yoqib, o‘z o‘limidan so‘z ochdi: “Men ketarman va yana qaytarman”. Va boshqa bir joyda esa, shunday buyurdi: “Men ketarman va Mendan keyin boshqasi kelar va Men aytmagan narsalarning hammasini sizga aytar va Mening aytganlarimni amalga oshirar”. Gar siz, Tavhid Mazharlari haqida ichki ilohiy nigoh bilan mulohaza yuritsangiz, ko‘rasizki, har ikki jumlaning ma’nosi birdir.
20.
Ichki nigoh bilan qaragan har bir kishi ko‘radiki, Qur’on Zuhuri zamonida Isoning Kitobi ham, Amri ham, har ikkalasi qaror topgan edi. Ismlar maqomiga ko‘ra, Hazrat Muhammadning O‘zlari bayon etganlar: “Menman Iso”. Ul Zot Iso alomatlari, bashoratlari va kalomlarining haqiqatini tasdiq etib, ularning barchasi Ollohdan ekanligiga shahodat keltirgan edilar. Bu ma’noda, na Ularning Shaxsiyatlari va na Kitoblarida farq bor, zero, har ikkovlari ham Olloh Amrini mudofaa etdilar, Uning ta’rifini so‘yladilar, Uning qonunlarini nozil etdilar. Shu bois, Isoning O‘zi shunday buyurdi: “Men ketarman va yana qaytarman”. Quyoshni tasavvur eting. Qachonki, bugungi kunning quyoshi: “Men kechagi quyoshman” desa, to‘g‘ri so‘ylagan bo‘lardi. Va agar, vaqtning kechishini nazarda tutib, u, boshqa bir quyosh ekanligiga iddao etsa, unda ham to‘g‘ri so‘ylagan bo‘lar edi. Xuddi shunday, kunlar haqida ham mulohaza yuriting, gar barcha kunlar aslida bir xil deyilsa ham, to‘g‘ri va haqiqat bo‘ladi. Va agar, ular atalishi va belgilanishiga ko‘ra farqlanadi deyilsa ham, yana to‘g‘ri bo‘lar edi. Zero, ular bir xil bo‘lsada, har birining o‘ziga xos ismi, belgisi, xususiyat va sifati borligini ko‘rish mumkin. Turli Muqaddaslik Mazharlarining maqomiga xos bo‘lgan farqu, tafovut va birlikni ham xuddi shu tariqa tasavvur eting, toki jamiyki nom va sifatlar Xoliqining farq va birlik sirlariga oid ishoralarini anglagaysiz, hamda, har bir zamonda Azaliy Jamol nechun O‘zini turli ismu unvonlar ila atagan degan savolingizga javob topasiz.
21.
So‘ng, Isoning sahoba va havoriylari Ul Zot Zuhurining qaytish alomatlari borasida surishtirdilar. Bular qachon yuz bergay, deya ular savol berdilar. Ular bu savolni beqiyos Jamoldan bir necha bor so‘radilar va har safar, Ul Hazrat va’da qilinmish Zuhurning o‘ziga xos alomatini aytib o‘tdilar. Chunonchi, bunga to‘rt Injil guvohlik berar.
22.
Ushbu Mazlum bunga bir misol keltiradi va Olloh haqi, uning birla, insonlarni muqaddas Daraxt xazinasining pinhon ne’matlari ila siylaydi, toki foniy bandalar boqiy mevalardan mahrum qolmasinlar, shoyadkim, “Dorussalom” Bog‘dodidan odamzot uchun oqayotgan abadiy hayot anhorining qatrasiga noyil bo‘lsinlar. Biz na ajr va na mukofot istaymiz. “Biz sizlarning ruhingizni Olloh haqi oziqlantiramiz; sizdan na to‘lov va na oqibat kutamiz”.[xvi] Pokiza qalb va munavvar ruhlar uchun abadiy hayotbaxsh ozuqa shudir. Bundayin non haqida deyilmish: “Tangrim, bizga samolardan O‘z noningni yubor”. [xvii] Ushbu non, ahli munosiblardan hech qachon olib qo‘yilmaydi va u hech qachon tugamaydi. Va har doim u, fazl daraxtidan o‘sadi; va barcha fasllarda u, rahmat va adolat samovotidan to‘kiladi. Chunonchi, Ul Zot buyurmish: “Olloh ezgu so‘zni nimaga qiyoslashini ko‘rmaysizmi? Ezgu bir daraxtga; uning ildizlari mustahkam o‘rnashgan, shoxlari esa osmonlarga bo‘y cho‘zgan: barcha fasllarda mudom meva bergay”. [xviii]
23.
Gar inson o‘zini bundayin latif tuhfadan, bundayin doimiy ne’mat va abadiy hayotdan mahrum etsa, hayf bo‘lur. Bas, ushbu ma’naviy nonning qadrini bilish lozim, toki Haqiqat Quyoshining hayrotomuz lutflari ila jasadlar tirilib, intihosiz Ruh vositasi ila so‘ligan ruhlar jonlansin. Shoshilgin, ey birodarim, toki tanda jon bor ekan, abadiyat suvlaridan ichaylik, zero hayot ifori Jonon (Misr) shahridan hamisha esmagay, muqaddas bayon daryolari hamisha oqmagay va Rizvon darvozalari hamisha ochiq bo‘lmagay. Bir kun kelib, albatta, jannat Bulbuli qudsiy gulistondan ilohiy oshyoniga parvoz etar. O‘shanda, na bulbul navosi eshitilgay va na gul jamoli ko‘ringay. Bas, vaqtni g‘animat bil, toki ilohiy bahor shukuhi bor ekan va Azaliy Kabutar o‘z taronasini kuylar ekan, qalbing qulog‘i uning sadosini eshitmoqdan bebahra qolmasin. Bu Mening o‘sha janobga va Ollohning habiblariga nasihatimdir. Istagan qabul etsin, istamagan yuz o‘girsin. Darhaqiqat, Olloh insondan, u ko‘rgan va shohid bo‘lgan narsalardan mustag‘niy va mustaqildir.
24.
Bular, Maryam O‘g‘li Iso tomonidan Injil Rizvonida, O‘zidan keyingi keladigan Mazhar alomatlari haqida, ulug‘vor bir lahnda tarannum etilgan kuylardir. Mattoga mansub bo‘lgan birinchi Injilda yozilmish: “Keyingi Zuhur kelishining alomatlari haqida Isodan so‘raganlarida, U javob berdi: “o‘shal kunlarning taz’yiqidan[xix] so‘ng, quyosh so‘nadi va oy nur sochmay qo‘yadi va yulduzlar osmondan to‘kiladi va zamin kuchlari larzaga tushadi: shunda, inson O‘g‘lining alomati osmonda paydo bo‘ladi, zamindagi barcha qabilalar ohu-nola chekadi va ular samoviy bulutlar uzra inson O‘g‘lining qudrat va buyuk izzat ila kelishini ko‘radilar. Va U, o‘z farishtalarini aziym sur sadosi ila yuboradi”.[xx] Fors tiliga tarjima qilinganda[xxi],bu so‘zlarning ma’nosi shunday: qachonki, zulm va balolar butun odamzotni qamragach, quyosh porlashdan to‘xtaydi, ya’ni qorong‘ulik tushadi va oy nur sochmay qo‘yadi, ko‘kdagi yulduzlar yerga to‘kiladi, zamin ustunlari zilzilaga tushadi. O‘sha vaqtda, inson O‘g‘lining nishonalari osmonda ko‘rinadi, ya’ni Va’da etilmish Jamol va borliq Javhari bu alomatlarni namoyon etib, g‘ayb makonidan ayon olamga qadam qo‘yadi. Va U buyurar: o‘shanda yer yuzida yashaydigan jami qabilayu elatlar ohu-nola chekib, ilohiy Jamolning qudrat, azamat va hashamat ila bulutlar uzra ko‘kdan tushishini ko‘rarlar. U O‘z malaklarini aziym sur sadosi ila yuborgay. Luqo, Marqus va Yuhannoga mansub bo‘lgan boshqa uch Injilda ham, xuddi shunday gaplar yozilmish. Va chun, arab tilida nozil bo‘lgan Lavhlarimizda bu masalalar batafsil yoritilgani sabab, bu sahifalarda ularga to‘xtalmasdan, birgina misolni esga olish bilan kifoyalandik.
25.
Injil ulamolari bu so‘zlar ma’nosini anglamaganliklari, ularning maqsad va mohiyatini ko‘ra olmaganliklari, hamda, Iso so‘zlarining tom ma’nodagi (so‘zma-so‘z) talqiniga yopishib qolganliklari sabab, Hazrat Muhammad Zuhurining fayzi va uning inoyati oqimidan mahrum qoldilar. O‘sha toifadagi johillar o‘z din peshvolariga ergashib, Jalol Sultonining jamolini ko‘ra olmadilar, chunki Hazrat Muhammad Zuhuri Quyoshi shafag‘idan darak berguvchi alomatlar yaqqol yuz bermadi. Asrlar o‘tdi va zamonlar oxiriga yetdi, va Ul Ruh Javhari boqiy saltanat diyoriga qaytdi. Abadiy Ruh ilohiy surni qayta ufurdi va o‘liklarning g‘aflat va zalolat qabrlaridan ko‘tarib, hidoyat zamini va inoyat o‘lkasi sari talpinmoqlariga sabab bo‘ldi. Hanuz ham, o‘sha guruh intizorlik ila nola etar: “Bu alomatlar qachon namoyon bo‘lgay? Qachon bizning Maqsudimiz, Va’da etilgan Zot kelgayki, biz Uning Amri g‘alabasi uchun oyoqqa qalqib, bor boyligimizni Uning haqi ehson qilib, jonimizni Uning yo‘lida qurbon etgaymiz?” Shu yo‘sinda, soxta tasavvurlari sabab bo‘lib, boshqa ummatlar ham Parvardigorning intihosiz ma’naviy marhamati Kavsaridan olisda qoldilar va o‘z xom xayollariga berildilar.
26.
Ushbu parchadan tashqari, Injilda yana bir oyat bor: “Osmonu zamin zavolga yuz tutar, lekin Mening kalomim hargiz zavol bilmas”.[xxii]Shuning uchun, ahli Injil aytadilarki, Injilning hukmi hech qachon bekor qilinmaydi, va qachonki va’da qilingan Jamol namoyon bo‘lib, barcha alomatlar zohir bo‘lsa, Ul Zot Injil qonunlarini tasdiqlashi va o‘rnatishi kerak bo‘ladi, toki olamda Uning dinidan boshqa din qolmasin. Bu ularning asosiy e’tiqodi. Ularning fikriga ko‘ra, agar biron bir kishi va’da qilingan barcha belgilar bilan paydo bo‘lsa-yu, Injil hukmining harfiga zid bo‘lgan biron-bir narsani e’lon qilsa, ular shaksiz uni rad etib, uning hukmiga bo‘ysunmacliklari, qolaversa, uni kofir deb e’lon qilib, istehzo qilishlari kerak. Chunonchi, Hazrat Muhammad Quyoshining Zuhuri bunga tasdiqdir. Gar ular har bir Zuhur davrida muqaddas kitoblarda bitilmish ushbu kalimalarning asl ma’nosini, ya’ni, odamlarni nihoyat Maqsad bo‘lmish Sadrat ul-Muntahoni tanimoqlikdan mahrum qilib, tushunmovchilik sababiga aylangan kalimalarni, Ahadiyat Mazharlaridan tavoze bilan so‘raganlarida edi, albatta Hidoyat Quyoshining nuri ila yo‘nalgan, hamda, ilmu-hikmat sirlarini ochgan bo‘lar edilar.
27.
Endi esa, ushbu banda mazkur muqaddas so‘zlar ichra pinhon bo‘lgan ma’nolar ummonidan bir qatrasini sen bilan bo‘lishadi, toki ichki nigoh va idrok sohiblari Muqaddaslik Mazharlari bayon etgan barcha ishoralarning ma’nosidan voqif bo‘lsinlar, toki ilohiy Kalomning hashamati ularni Uning ismu sifatlari dengiziga yetishishdan tutib qolmasin va ular Ul muborak Zot jilosining arshi bo‘lmish, Ahadiy Chiroqni taniqmoqlikdan mahrum bo‘lmasinlar.
28.
“O‘sha kunlarning taz’yiqidan keyin” so‘zlarining ma’nosiga kelganda, bu, insonlar zulm va taz’yiqqa uchragan shunday zamonni bildiradiki, unda, Haqiqat Quyoshidan asar ham qolmaydi va ilmu-hikmat Daraxtining mevalari insonlar orasidan yo‘qolib, odamzod jilovi nodon va johillar qo‘liga o‘tadi, yaratilmishning asl maqsadi bo‘lmish ilohiy tavhid va ma’rifat darvozalari yopilib, ilm shubhaga aylanadi va hidoyat maqomini razillik egallaydi. Chunonchi, bunday holatga bugun ham guvohlik berish mumkin, har guruhning jilovi, uni o‘z istak-irodasiga ko‘ra boshqarayotgan johillar qo‘lida bo‘lib, ularning tillarida Olloh zikridan faqatgina quruq nom va Uning Muborak oyatlaridan esa, puch harf qolgandir. Nafsu-havo silsilasi shu darajada g‘olib bo‘lmishki, ularning yuraklarida vijdon va idrok chirog‘ini o‘chirgandir, holbuki, ilohiy qudrat barmoqlari Ollohni tanimoqlik eshiklarini ochmish, ilohiy bilim va samoviy fazl nuri butun yaratilmish narsalar mohiyatini qayta nurga to‘ldirib, ilhomlantirmish va har narsada bir ilm bobi ochilmish, har bir zarrada quyosh izlari oshkora bo‘lmishdir. Butun dunyoni qamrab olgan ilohiy ilmu-ma’rifat zohirligining ko‘pligiga qaramay, ular, hanuzgacha ilm darvozalari berk va ilohiy rahmat yomg‘irlari to‘xtatilgan, degan bo‘sh tasavvurlari ichra qolmoqdalar. Xom xayollarga yopishib, ular mustahkam Urvatul-Vusqo ilohiy ilmidan yiroqlarda qoldilar. Go‘yo, ularning tabiatida na ilm va uning darvozasi sari maylu-rag‘bat bor va na uning namoyon bo‘lishi borasida tushuncha bor, zero, bo‘sh xayollari ichra, dunyoviy mol-davlatga olib boruvchi darvozalarni topdilar-u, ilm Mazharining zuhuri ichra esa, jondan voz kechish da’vatidan boshqa hech bir narsa topmadilar. Shuning uchun, tabiiyki, ular birinchisiga chirmashib, ikkinchisidan qocharlar. Yuraklarida Olloh Qonunining yakkayu yagona ekanligini tan olsalarda, o‘zlaricha har go‘shadan yangi farmon chiqarib, har mahalda yangi fatvo buyurarlar. Hech bo‘lmasa biror qonun ustida murosaga keluvchi ikki nafar topilmas, chunki ular o‘z nafsidan boshqa bir ilohni izlamaslar va adashmoqlikdan o‘zga bir yo‘lni tanlamaslar. Peshvolikni Matlub visoliga yetishishning nihoyat maqsadi deya e’tirof etib, kibru-g‘ururni Mahbubga erishishning g‘oyat yuksak yutug‘i deya hisoblaydilar. Nafsoniy hiyla-nayrangni rabboniy taqdirdan ustun qo‘yadilar. Olloh rizoligi va irodasiga bo‘ysunmoqlikni rad etib, makkorona tadbirlar bilan mashg‘ul bo‘lib, riyokorlik so‘qmog‘idan ketarlar. Mabodo, shavkatlariga biron nuqson tegmasin va yo, izzatlariga birov xalal bermasin deya, bor kuch-quvvatlari ila mansab-martabalarini qo‘riqlaydilar. Gar ko‘z ilohiy ma’rifat surmasidan ravshan tortsa, shubhasiz, bir to‘da yirtqich hayvonlarning to‘planib, insoniy ruh murdalari uzra talashib yotganini ko‘radi.
29.
Qandayin bir “taz’yiq” borki, bayon etilgandan ko‘ra og‘irroq bo‘lsin?
Agar, inson ilohiy haqiqat va ma’rifatga talpinsa-yu, uni qaerdan axtarishni va kimdan so‘rashni bilmasa, bundanda ayanchliroq “taz’yiq” bormi? Zotan, fikrlar bir-biridan o‘ta farqlanib, Ollohga eltguvchi yo‘llar ham ko‘payib ketgan. Bundayin “taz’yiq” har bir Zuhurga xosdir. Toki, u yuz bermaguncha, haqiqat quyoshi ko‘rinmas. Zero, Ilohiy Hidoyat Zuhurining tongi, gumrohlik tunining zulmatidan so‘ng otgay. Shu sabab, olamni kufr va adolatsizlik egallashi va odamzot qorong‘ulik ichra qolishiga ishoralar, barcha hadis va rivoyatlarda aytib o‘tilgan. Mazkur hadislarning mashhurligi bois, ushbu banda muxtasar bo‘lmoqni istadi va ularning matnini bu yerda keltirmadi.
30.
А
garda bu “taz’yiq” (tom ma’noda bosim deb tushunilib), yer siqiladi deya sharhlansa, yoxud odamlar o‘z xom xayollarida shunga o‘xshash falokatlarni tasavvur etsalar, aniqki, bunday hodisalar hech qachon yuz bermas. Tabiiyki, ular Ilohiy Zuhurning bu sharti ro‘yobga chiqmadi deya e’tiroz etajaklar. Ularning e’tirozi shunday bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolayotir. Holbuki, “taz’yiq”, ilohiy ma’rifatni idrok etish va Rabboniy Kalomni tushunishga qobiliyatning yetishmasligini anglatadi. Bu yerda shu narsa nazarda tutiladiki, Haqiqat Quyoshi botganda va Uning Nurini aks ettiruvchi ko‘zgular olamdan o‘tganda, insonlar “taz’yiq” va mashaqqat ichra botib, hidoyat so‘rab qayga yuz tutishni bilmay qolarlar. Shu yo‘sinda, biz hadislar tafsiridan sizga saboq berdik va ilohiy hikmat sirlarini ochdik, toki ularning ma’nosini anglang va ilmu-irfon qadahidan ichganlar safida bo‘ling.
31.
Endi esa, Uning “quyosh so‘nadi va oy nur sochmay qo‘yadi va yulduzlar osmondan to‘kiladi” so‘zlari haqida. Olloh Anbiyolarining Kitoblarida keltirilgan “quyosh” va “oy” tushunchalarining ma’nosi, faqatgina bizga ko‘rinar koinotdagi quyosh va oy degani emas.
Yo‘q, aksincha, bu so‘zlarning ma’nosi bisyor. Har bir holda ularga o‘ziga xos ma’no berilgan.
Masalan, “quyosh” so‘zining ma’nolaridan birida, azaliy mashriqdan nur sochuvchi va jamiyki mavjudot uzra fayz to‘kuvchi Haqiqat Quyoshlari nazarda tutiladi. Ushbu Haqiqat Quyoshlari aslida, Ollohning sifat va nomlari olamidagi umumjahon Ilohiy Mazharlardir. Yagona Haq Ollohning amri ila ko‘rinar quyosh zaminiy ashyolarning, ya’ni daraxtlar, mevalar va ularning ranglari, yer ma’danlari, hamda yaratilmish olamdagi barcha mavjudotlarning rivojlanishida ko‘mak bergani kabi, xuddi shunday, Ilohiy Yoritqichlarning inoyati va ta’lim-tarbiyasi tufayli tavhid shajaralari, tafrid mevalari, inqito’ barglari, ilmu-iqon chechaklari, hikmat va bayon rayhonlari zohir bo‘ladi. Shunday qilib, ushbu Ilohiy Quyoshlarning yorishishi tufayli olam yangilanadi, abadiy hayot suvlari oqadi, ehson dengizi mavjlanadi, fayz bulutlari ko‘kni to‘ldiradi va saxovat nasimlari butun yaratilmish narsalar uzra esadi. Ushbu Yoritqichlarning tafti va ma’naviy alangasi, ilohiy muhabbat haroratini inson yuraklarida shiddat ila yonmog‘iga sabab bo‘ladi. Ushbu Inqito’ Ramzlarining fazlu-inoyati tufayli, boqiy hayot Ruhi o‘lik tanalarga ufuriladi. Aslida, ko‘rinar quyosh o‘sha Ma’naviy Quyoshlar jalolining bir alomati bo‘lib, hech vaqt, Uning tengi, sherigi va raqibi bo‘lmas. U borki, har narsa yashaydi, harakatlanadi va mavjud bo‘ladi. Uning fazli ila ular paydo bo‘ladi va barcha Unga qaytadi. Barcha ash’yolar Undan zohir bo‘ladi va barchasi Uning Zuhuri xazinasiga qaytadi. Barcha yaratilmish mavjudot Undan boshlanadi va Uning hukmi ganjinasiga qaytadi.
32.
Avval ham, hozir ham kuzatganingizdek, ushbu ilohiy Yoritqichlar gohida o‘ziga xos maxsus nom va sifatlar ichra cheklangan bo‘lib ko‘rinishining sababi, faqat va faqat, ba’zi aqllar zaifligi va fikrlar torligidandir. Aksincha, ular azal-azaldan va abadul-abad har qanday faxrli ismlardan-da yuksak bo‘lganlar va har qanday vasfu-ta’rifdan muqaddas va munazzah bo‘lib qolarlar. Har qanday ismning javhar-mohiyati, ularning muqaddaslik saroyiga doxil bo‘lishga hatto umid qila olmas, eng latif va pok sifatlar esa, ularning izzat saltanatiga yaqinlasha olmas. Subhonalloh, Payg‘ambarlar insoniy idrokdan benihoyat darajada yuksak va ular faqat O‘z Zotlari orqali taniladi. U saylagan Zotlarning O‘zlaridan boshqa birov orqali vasf etilishi, Uning Shuhratidan yiroqdir. Ular, bandalar vasfidan va inson idrokidan a’loroqdir!
33.
“Quyoshlar” tushunchasi “ma’sum Qalblar” tomonidan yozilmish bitiklarda, ko‘p marotaba Olloh Payg‘ambarlariga, ya’ni o‘sha porloq Inqito’ Ramzlariga nisbatan qo‘llanilgan. Jumladan, “Nutba duosi”[xxiii] da shunday so‘zlar bor: “Qaydadir porloq Quyoshlar? Qayga ketdi o‘sha nurafshon Oylar va miltillagan Yulduzlar? Bas, bundan ma’lum bo‘lishicha “quyosh”, “oy” va “yulduzlar” ta’birining ma’nosi avvalambor, Anbiyolar, Avliyolar va Sahobalarni anglatadiki, ularning bilimi nuridan g‘ayb va ayon olamlar ravshan va munavvar tortadi.
34.
Bu so‘zlarning boshqa bir ma’nosi, keyingi Zuhurlar zamonida yashab, din jilovini qo‘llarida tutib kelayotgan avvalgi zamon Zuhurining ulamolarini anglatadi. Agar bu ulamolar keyingi Zuhurning ziyosi ila yorishsalar, Olloh huzurida maqbul bo‘lgaylar va abadiy nurga to‘lgaylar, aks holda, ularga nisbatan zulmat hukmi joriy bo‘lgay (ularning nuri so‘ngay), illo, iymon va kufr, hidoyat va zalolat, saodat va xo‘rlik, nur va zulmat vasflarining hammasi Ma’naviy Haqiqat Quyoshi bo‘lmish Zotning tasdig‘iga bog‘liqdir. Qiyomat kunida, ilmu-irfon Manbasi tomonidan har asrda yashagan har ulamoga iymon hukmi berilsagina, shunda u darhaqiqat, ilohiy ma’rifat, rizo va haqiqiy idrok nurining sohibi bo‘lar. Yo‘qsa, unga jaholat, inkor, kufr va zulm tamg‘asi bosilar.
35.
Har bir ichki nigoh ila kuzatuvchi uchun ravshanki, yulduzning yorug‘ligi quyoshning porloq yog‘dusi qarshisida so‘ngani kabi, dunyoviy ilmu-hikmat va tushuncha chirog‘i ham, Haqiqat Quyoshi bo‘lmish, ma’naviy Oftob yog‘dusining hashamati bilan yuzma-yuz kelganda yo‘qoladi.
36.
“Quyosh” so‘zi din peshvolariga nisbatan ularning martabalari yuksakligi, shuhratlari va ma’rufliklari sabab ishlatiladi. Har bir asrdagi mo‘’tabar ulamolarning so‘zlari salmoqli va obro‘lari musallam bo‘lib kelgan. Agar ular Haqiqat Quyoshiga o‘xshasalar, shubhasiz, oliy yoritqichlardan bo‘lib sanalgaylar, aks holda, ular jahannam alangasining qoq markazi bo‘lib hisoblangaylar. Chunonchi, buyurmish: “Darhaqiqat, shamsu-qamar (quyosh va oy) har ikkisi ham, jahannam otashi azobiga mahkumdir”. [xxiv] Siz “quyosh” va “oy” so‘zlarining mazkur oyatdagi ma’nosi bilan albatta tanishsiz; shuning uchun, ular ustida to‘xtalishga ehtiyoj yo‘q. Bundayin shamsu-qamar unsurlaridan bo‘lgan, ya’ni o‘sha peshvolarga ergashib, yolg‘onga yuz tutgan va haqni inkor etgan har qanday kimsa, shubhasiz, jahannam o‘tidan chiqqan va o‘sha yerga qaytajakdir.
37.
Bas, ey izlanuvchi, biz Urvatul Vusqoga mahkam yopishmog‘imiz lozim, shoyadkim zalolat tunini ortda qoldirib, ilohiy hidoyat shafag‘i nuriga quchoq ochaylik. Inkor ko‘lankasini tark etib, ishonchu isbot soyasidan panoh topaylik. Jahannam otashidan ozod bo‘lib, samoviy Jamol nuri yog‘dusidan munavvar bo‘laylik. Shu tariqa, biz sizga ilohiy ilm Daraxtining mevalarini ato etdik, toki siz shodu xurramlikda ilohiy hikmat Rizvonida yashagaysiz.
38.
Yana boshqa bir ma’noda “quyosh”, “oy” va “yulduz” atamalari, har bir shariat davrida joriy etilgan va e’lon qilingan ta’limot va hukmlarni anglatadi, namoz va ro‘za shular jumlasidanki, Qur’on shariatida Muhammad Payg‘ambarning jamoli ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, bular Ul Zot Zuhurining eng mahkam va a’zam qonunlariga aylandi. Chunonchi, hadisu rivoyatlar bunga shahodat berar va bu hadisu rivoyatlar yetarlicha mashhur bo‘lgani uchun, ularni bu yerda eslamoqqa ehtiyoj yo‘q. Qolaversa, har bir Zuhur davrida namoz (farz ibodati) hukmiga urg‘u berilmish va u har yerda ijro etilmishdir. Chunonchi, Muhammad Payg‘ambarning javhari bo‘lmish, Haqiqat Quyoshi mashrig‘ining nuri ila naql etilgan hadislar bunga guvohlik berar.
39.
Barcha Anbiyolarga har bir Zuhur Davrida ibodat qonuni nozil etilmishki, uning shakl va ijrosi har bir asrda davr taqozosiga ko‘ra moslashtirib kelingan. Har bir keyingi Zuhur, avvalgi Zuhur tomonidan aniq, muayyan va mustahkam o‘rnatilgan an’ana, odat va ta’limlarni bekor qilib kelgani sabab, ular qiyosiy ma’noda “quyosh” va “oy” so‘zlari orqali ifoda etilgan. “U, qaysi biringiz amalda yaxshiroq ekanligingizni sinaguvchi Zotdir”.[xxv]
40.
Shuningdek, hadislarda “quyosh” va “oy” atamalari namoz va ro‘zaga nisbatan qo‘llaniladi, chunonchi, buyurilmish: “Ro‘za ziyodir, namoz esa nur”. Kunlarning birida, ma’ruf bir ulamo oldimizga keldi. U bilan suhbatlashar ekanmiz, u, yuqoridagi hadisdan so‘z ochib dedi: “Ro‘za mizoj haroratini ko‘tarishidan, quyosh ziyosiga o‘xshatilar; shom namozi esa, insonga salqinlik keltirgani uchun oy nuriga qiyoslanar”. Shunda angladikki, bechora, ma’nolar dengizidan biron bir tomchiga ham muvaffaq bo‘lmagan va rabboniy hikmatning Yonar Sidrasidan biror-bir uchqunga ham noyil bo‘lmagan. So‘ngra, biz unga ehtirom ila izhor etdik: “Janob, bu hadisga keltirgan tafsiringiz odamlar orasida, ya’ni og‘izlarda tarqalgan talqinlardan biridir. Lekin, uning boshqa bir ta’biri ham bo‘lishi mumkin”. U bizdan so‘radi: “Nima bo‘lishi mumkin?” Biz javob berdik: “Anbiyolar Hotami va Olloh saylagan Zotlarning Sayidi bo‘lmish Hazrati Muhammad, Qur’onda joriy etilgan dinni, uning oliyligi, yuksakligi va ulug‘vorligi, hamda, barcha dinlarni qamragani sabab samoga qiyos etmishlar. Quyosh va oy osmondagi eng charog‘on va ma’lum yorug‘lik jismlari bo‘lganidek, Olloh Dini samosida ham ikki porloq yoritqich – ro‘za va namoz muqarrar bo‘lmishdir. Islom osmondir; ro‘za uning quyoshi, namoz esa oyidir.
41.
Ilohiy Mazharlarning ramziy-majoziy so‘zlaridan maqsad budir. Binobarin, “quyosh” va “oy” atamalarining mazkur maqomlarga nisbatan qo‘llanilishi, nozil etilgan oyat va yozilmish hadislar orqali namoyon bo‘lgan va isbot etilgandir. Demak, ayon va ravshanki, “quyosh so‘nar, oy nur sochmay qo‘yar, va yulduzlar ko‘kdan to‘kilar” jumlasi, din peshvolarining gumrohligi va shariatda mustahkam o‘rnatilgan qonunlarning bekor qilinishini anglatadi va Ilohiy Mazharlar, ramzlar tilida bundan xabar berganlar. Abrorlardan boshqa hech kim bu qadahdan totmas va hayrixohlardan boshqa hech kim undan ulush kasb etmas. “Abrorlar kofurli chashma mizoji qadahidan icharlar”.[xxvi]
42.
Shubhasiz, avvalgi Zuhur davrida o‘sha zamon ahlini munavvar etib, hidoyat aylagan ta’limlar, amrlar, hukmlar va ta’qiqlarning “quyosh” va “oy”lari har bir keyingi Zuhurda so‘nadi, ya’ni kuchi va ta’sirini yo‘qotadi. Endi mulohaza qiling, agar Injil ahli o‘z e’tiroz va qaysarligidan farqli o‘laroq, “quyosh” va “oy” so‘zlarining ramziy ma’nosini tan olib, ilohiy ilm Mazharidan tafsir olganlarida edi, albatta, bularning ma’nosini mutlaq tushungan va o‘z nafsu havolari zulmatiga mubtaloyu giriftor bo‘lmas edilar. Ha, chunki ular haqiqiy ilmni uning ma’danli manbasidan olmaganliklari sabab, kufr va zalolatning tahlikali vodiysida halok bo‘ldilar. Bashorat etilgan barcha alomatlarning ro‘yobga chiqqani, va’da etilgan Quyoshning Zuhur ufqidan ko‘tarilgani hamda, avvalgi Zuhur Davridagi ta’lim, ahkom va ma’rifat “quyosh” va “oy”larining zulmatga botgani ularning shuuriga hanuz yetib bormadi.
43.
Endi esa, qat’iy ishonch ko‘zi va mustahkam ishonch qanotida, komil ishonch sirotiga yo‘l ol. “Ayt: U Ollohdir; so‘ngra esa, ularni o‘z behuda xom-xayollari ichra sho‘ng‘imoqlari uchun o‘z hollariga tashlab qo‘y”.[xxvii] Shunda, sen Uning sahobalaridan bo‘larsanki, ular haqida U, shunday degan: ““Rabbimiz Ollohdir” deb aytganlar va Uning yo‘lida sabot ila mustaqiym ketishda davom etganlar uzra, haqiqatda, farishtalar hozir bo‘lgay”.[xxviii] Toki, shunda jamiyki sirlarga o‘z ko‘zlaring ila iqror bo‘larsan.
44.
Ey, birodarim! Ruhing ila bir odim tashlaki, yiroqlik va hijron sahrolarini bir zumda kecharsan va abadiy visol Rizvoniga doxil bo‘lib, bir nafas ila samoviy Ruhlarga qo‘shilarsan. Zero, insoniy qadam birla hargiz bu cheksiz masofani kechib bo‘lmas va murodga yetib bo‘lmas. Haqiqat nuri haqiqatga yetmog‘ida hidoyat etgan va bismilloh deya, irfon sohilidagi Uning Amri yo‘lida turgan kimsaga tinchlik-omonlik bo‘lsin.
45.
“Bas! Mashriqlaru Mag‘riblar Rabbi ila qasam”[xxix]muborak oyatining ma’nosi, murojaat etilgan “Quyoshlar”ning har biri o‘z muayyan chiqish va botish joylariga egaligida.
Vaholanki, Qur’on tafsiri ulamolari mazkur “Quyoshlar”ning ramziy ma’nosini anglamaganlari sabab, yuqoridagi muborak oyatni tafsirlashga qiynaldilar. Ba’zilari, quyosh har kuni turli nuqtalardan chiqqani uchun, “mashriqlar” va “mag‘riblar” ko‘plik sonida ishlatilgan, degan ta’kidlarni ilgari surdilar. Boshqa birlari esa, bu oyatda yilning to‘rt fasli nazarda tutilgan, chunki quyoshning chiqish va botish nuqtalari fasllarga qarab o‘zgaradi, dedilar. Mana ular tushunchasininig teranligi! Shunday bo‘lsada, ular o‘sha ilm Javohirlarini, o‘sha benuqson va pok hikmat Ramzlarini, ne-ne johilliklarda ayblashmadi.
46.
Shu tarzda, ushbu ochiq, kuchli, qat’iy va bir ma’noli izohlar orqali oxirgi Soat, Qiyomat kuni kelishining alomatlaridan biri bo‘lmish “osmon yorilishi” iborasining ma’nosini tushunmoqqa intil. Chunonchi, buyurmish: “Vaqtiki, osmon yorilsa”.[xxx] Бунда, “Осмон”нинг маъноси, илоҳий Зуҳур динлари осмонини билдиради, чунончи у, ҳар бир Зуҳур ила юксалар ва кейинги Зуҳур ила парчаланар. “Ёрилмоқ” деганда, аввалги Зуҳур Даврининг ботилликка учраганлиги ва муддати ўтганлиги тушунилади. Оллоҳ ҳақи қасам! Гар тўғри мулоҳаза этилса, осмоннинг бундай ёрилиши, ташқи кўринар осмоннинг ёрилишидан кўра буюкроқ бир ҳодисадир. Бироз ўйлаб кўр. Мана йиллар давомида қарор топган бир илоҳий Зуҳур; унинг кўланкаси остида, уни қабул қилганларнинг бари униб-ўсиб, камол топса; унинг қонунлари нуридан неча-неча насллар тарбия топса; фарзандлар ўз аждодларидан Унинг сўзлари зикридан бошқасини эшитмаса; қачонки, кўзлар Унинг Амри нуфузидан бошқасини кўрмаса; қулоқлар фақат Ундан таралган ҳукмлардан бошқасини эшитмаса, шунда бир зот зоҳир бўлиб, буларнинг ҳаммасини илоҳий Зуҳур куч-қудрати ила тарқатиб юборса ва “парчалаб ташласа”, бундан-да буюкроқ бўлган осмон ёрилишидек, яна бошқа бир амал бўлиши мумкинми? Энди фикрла, ахир бу амал буюкроқми ёки ярамас, нодон-у, калтафаҳмларнинг “осмон ёрилиши” ҳақидаги тасаввурими?
47.
Шунингдек, илоҳий Жамол Мазҳарларининг аччиқ ҳаётлари ва чеккан заҳматларига боқ. Мулоҳаза эт, улар ҳеч бир кўмаксиз ва якка-ёлғиз, бутун дунё аҳли қаршисида туриб, Оллоҳ Қонунини ўрнатдилар! Бу муборак ва латиф Руҳларга берилган азияту-озорлар қанчалар шафқатсиз бўлмасин, улар камоли қудратга эга бўла туриб, сабр этдилар, ҳамда, ўз бениҳоят улуғворликларига қарамай, жабру-зулмга бардош бердилар.
48.
Шу тариқа, “ернинг алмашиши”деган сўзларнинг маъносини тушунишга ҳаракат қил. Билгинки, илоҳий Зуҳур “осмони”дан ёғилган бу марҳамат ёмғирлари қай бир юракка ёғилмасин, ўша юрак заминини ўзгартириб, маърифат ва ҳикмат ерига айлантиради. Бундай юраклар гулшанида тавҳиднинг не-не райҳонлари унмайди! Уларнинг мунаввар кўксида илму доноликнинг не-не чечаклари гулламайди! Гар уларнинг юраклари замини ўзгармасдан қолганида, қандай қилиб бирон-бир ҳарф ҳам ўрганмаган, муаллим кўрмаган ва мактабга қадам босмаган ушбу қалблар, бундайин каломларни такаллум этиши ва ҳеч ким тагига ета олмайдиган маърифатни намоён этишлари мумкин эди? Улар гўёки, абадий илм тупроғидан ясалган ва илоҳий ҳикмат суви ила қорилгандирлар. Шунинг учун, дейилмиш: “Илм бир нурдирки, Оллоҳ уни Ўзи истаган юракка солар”. Фақат шундай илмгина, ҳамиша таҳсинга сазовор бўлиб келган ва шундай бўлиб қолади, бу, хира тортган ва қоронғу ақлларнинг маҳсули бўлган чекланган илм эмасдир. Гоҳида, улар бундай чекланган билимни ҳатто, бир-бирларидан ўғирлаб, унинг бирла беҳуда фахр этарлар!
49.
Эҳ, кошкийди, бандалар қалби, инсоний чекловлар ва қоронғу фикрлардан поклана олса! Шояд, улар ҳақиқий илму-маърифат Қуёши нуридан ёришиб, илоҳий ҳикмат сирлари жавоҳирларига нойил бўлгайлар. Энди мулоҳаза эт, гар бу қалбларнинг қуриган ва беҳосил замини ўзгармай қолганда, қандай қилиб улар аҳадий сирларни ва илоҳий Моҳиятларни ошкору-намоён этган бўлардилар? Чунончи, У буюрмиш: “Ўша кунда, замин бошқа бир заминга алмаштирилади”.[xxxi]
50.
Зуҳур сирлари устида тафаккур этсангиз, Мавжудлик Султонининг саховат насими, ҳатто бу моддий заминни ҳам алмаштирганини кўргайсиз.
51.
Энди эса, буюрилмиш мана бу оятнинг маъносини идрок айла: “Бутун ер Қиёмат Кунида Унинг ҳовучида бўлгай ва самовот эса, Унинг ўнг қўлида йиғилгай. Унга ҳамду санолар бўлсин, Ул Зот мушрикларнинг ширкларидан пок ва олийдир!”[xxxii]Endi o‘z xulosalaringda insofli bo‘l. Agar bu oyatning ma’nosi odamlar tushunganidek bo‘lsa edi, unda so‘ralarki, inson uchun uning foydasi nimada? Shuningdek, ravshanki, inson ko‘zi ko‘ra oladigan hech bir qo‘l yo‘qki, bundayin bir harakatni bajara olsin, yoxud buni Haqq Taologa yo‘ysin. Aksincha, bunday narsani tan olish kufrdan bo‘lak narsa emas va haqiqatning tamoman teskarisidir. Agar, bu oyatda Qiyomat Kunida bunday ishni Olloh Mazhari bajaradi deb faraz qilinsa, bu ham haqiqatdan uzoq va foydasizdir. Aksincha, “zamin” so‘zi deganda, ilm va ma’rifat zamini, “samolar”deganda esa, din samolari nazarda tutilar. Endi mulohaza et, qay tariqa bir tomondan U, qudratli hovuchiga avval ochilgan ilmu-ma’rifat zaminini yig‘ib, boshqa bir tomondan esa, bandalar yuragida yangi va yuksak bir zaminni yoymishdirki, shu tufayli ularning munavvar ko‘ngillarida tarovatli rayhonlar va go‘zal chechaklar, sershukuh va muhtasham daraxtlar unib-o‘sadir.
52.
Xuddi shunday yana mulohaza etkim, qanday qilib o‘tmishdagi dinlarning yuksak samolari qudratli o‘ng qo‘lda yig‘ilmish va qanday qilib Ilohiy Zuhur samolari Olloh amri ila yuksalib, Uning yangi ijozkor hukmlarining quyoshi, oyi va yulduzlari ila bezanmishdir.
Olloh so‘zining pardasi ko‘tarilib, uning sirlari kashf va oshkor bo‘ldiki, zero sen ilohiy Hidoyat Tongi yorishganini idrok etarsan, xom-xayol, vahmu-gumon va shak-shubha yulduzlarini tavakkul va inqito’ qudrati ila so‘ndirarsan va ilmu-ishonchning yangi chirog‘ini qalbing qo‘rida yondirarsan.
53.
Aniq bilki, Olloh Amri Mazharlari tomonidan ochilgan barcha bu ramziy kalimalar va yashirin ishoralarning maqsadi, bandalarni sinamoq va imtihon etmoqdir; chunonchi, uningla pok va munavvar qalblar zamini, foniy va hosilsiz zaminlardan farqlanishi ma’lum bo‘lgay. Azal-azaldan, bandalar orasida Ollohning tutgan yo‘li shunday bo‘lib kelgan va muqaddas kitoblar bunga guvohlik berar.
54.
Xuddi shunday, Qibla[xxxiii] oyati haqida mulohaza yuriting. Nabiylik Quyoshi bo‘lmish Hazrat Muhammad Batho[xxxiv] mashrig‘idan Yasribga[xxxv] hijrat etganlarida, namoz paytida yuzlarini Quddus shahri (Ierusalim) tomon qaratishda davom etardilar, bu hol to yahudiylar Ul Zotga noloyiq so‘zlar aytmoqni boshlamagunicha davom etdi – gar bu so‘zlar esga olinsa, sahifalarni uyaltirar va o‘quvchilarni toliqtirar. Hazrat Muhammad bu so‘zlardan juda ranjidilar. Hayron qolib, tafakkur ichra ko‘zlarini samoga tikkanlarida, Jabroilning mehribon ovozini eshitdilar. U dedi: “Biz yuzingni ko‘kka qaratganingni ko‘rdik; Biz Seni xushnud etguvchi Qiblaga qaratamiz”.[xxxvi] Bundan keyin, kunlarning birida Ul Hazrat o‘z sahobalari ila peshin namozini ado etardilar va ikki rak’at[xxxvii] бажарган эдиларки, яна Жаброил нозил бўлди ва арз этди: “Энди юзингни муқаддас Масжидга[xxxviii] o‘gir”.[xxxix] O‘sha namozning o‘rtasida, Hazrat Muhammad to‘satdan yuzlarini Quddusdan o‘girib, Ka’ba tomon burdilar. Sahobalarni chuqur qayg‘u iztirob chulg‘adi. Ularning iymoni silsilaga tushdi. Sarosimalari shunchalik kuchli ediki, ko‘plari namozlarini buzib, dindan kechdilar. Haqiqatda, Olloh bu tug‘yon ila bandalarini sinab imtihon etdi. Illo, Haqiqiy Sulton Qiblani umuman almashtirmaslikka qodir edi va Quddusni O‘z dini uchun osonlikcha Sajda Nuqtasi qilib saqlagan bo‘lardi va binobarin, o‘sha muqaddas shaharga ato etilmish qabul to‘nini undan olmagan bo‘lardi.
55.
Chunonchi, Muso va Muhammad Mazharlari orasida kelgan a’zam Anbiyolar, ya’ni Musodan so‘ng yuborilgan na Dovud, na Iso kabi Nabiylardan hech biri Qibla qonunini almashtirmagan edilar. Olamlar Rabbisi tomonidan yuborilgan barcha Elchilar hech bir istisnosiz o‘z ummatlarini ayni bir yo‘nalishga qarashga amr etib kelganlar. Haqiqiy Sulton, Olloh nazarida, yer yuzidagi har qanday joy bir xil, faqat Uning Mazharlari davridagi maxsus bir maqsad uchun tayinlangan yer bundan istisnodir. Chunonchi buyurmish: “Mashriq ham, mag‘rib ham Ollohnikidir. Bas, qay tarafga qaramang, Ollohning yuzi bor”.[xl] Chunonchi, Muso va Muhammad Mazharlari orasida kelgan a’zam Anbiyolar, ya’ni Musodan so‘ng yuborilgan na Dovud, na Iso kabi Nabiylardan hech biri Qibla qonunini almashtirmagan edilar. Olamlar Rabbisi tomonidan yuborilgan barcha Elchilar hech bir istisnosiz o‘z ummatlarini ayni bir yo‘nalishga qarashga amr etib kelganlar. Haqiqiy Sulton, Olloh nazarida, yer yuzidagi har qanday joy bir xil, faqat Uning Mazharlari davridagi maxsus bir maqsad uchun tayinlangan yer bundan istisnodir. Chunonchi buyurmish: “Mashriq ham, mag‘rib ham Ollohnikidir. Bas, qay tarafga qaramang, Ollohning yuzi bor”.[xli] “Arslondan qattiq qo‘rqib qochgan yovvoyi eshaklar singari”.[xlii]
56.
Gar ushbu mavzu va bayonlar haqida bir oz mulohaza yuritsangiz, shubhasiz, yuzingiz oldida ma’no va tushuncha darvozalarining ochilganini va ko‘z o‘ngingizda ilmu-sirlarning borini hijobsiz ko‘rarsiz. Bu narsalar faqatgina insoniy ruhlarni tarbiyat etmoq uchun va ularni nafsu ehtiros qafasi mahbusligidan qutqarmoq uchun yuz berar. Illo, Ul Haqiqiy Sulton abadiyat uzra o‘z Zotida butun mavjudot idrokidan mustaqil bo‘lib kelgan va abadul abad O‘z Mohiyatida har bir ruhning ibodatidan yuksak bo‘lib qolajak. Uning boyligidan esgan birgina nasim butun basharni boylik libosi ila bezashga yetar; Uning karomat fazli daryosidan to‘kilgan birgina tomchi butun borliqni boqiy hayotga musharraf etish uchun kifoyadir. Toki haq botildan, quyosh ko‘lankadan ajralib tursin deya, Ilohiy Maqsud har vaqtda, bashariyat uzra Rabbul Izzat saltanatidan sinov sellarini yog‘dirishni taqdir etgandir.
57.
Gar insonlar o‘tmish Anbiyolarining hayotlari haqida mushohada etsalar, ular osonlik bilan bu Anbiyolar bosib o‘tgan yo‘llarni anglagan bo‘lardilarki, o‘z dunyoviy hoyu-havaslariga zid bo‘lgan amal va so‘zlarni to‘siq tutmas edilar va shu tariqa irfon sidrasidan lovullab yongan olov ila to‘siq-pardalarning barchasini yondirib, sulhu-ishonch taxtida aminu-omonlik ichra o‘tirardilar. Masalan, muazzam Anbiyolardan biri, Kitob Sohibi bo‘lmish Imron o‘g‘li Musoga boqing. Hayotining ilk yillarida, Amrini e’lon etmasidan avval, bir kun bozordan kechar ekan, ikki nafarning olishayotganini ko‘radi. Ulardan biri undan ko‘mak so‘raydi. Shunda, Muso oraga qo‘shilib, uning raqibini o‘ldiradi. Muqaddas Kitobda yozilganlar buni tasdiqlaydi. Tafsilotlar bu yerda keltirilsa, vaqtni olar va mulohaza yo‘rig‘ini buzar. Bu hodisa haqidagi xabar shaharga tarqalib, chunonchi Kitobda guvohlik berilishicha, Muso qo‘rquvga tushadi. “Ey Muso, aniqki, a’yonlar seni o‘ldirish uchun til biriktirmoqdalar”[xliii],degan xabar uning qulog‘iga yetar ekan U, shahardan chiqib ketadi va bir muddat Madyanda qolib, Shuaybaning xizmatida bo‘ladi. Qaytar ekan Muso, Sino sahrosidagi muqaddas vodiyga doxil bo‘ladi va u yerda “na sharqiy va na g‘arbiy bo‘lgan muborak daraxtda”[xliv] ahadiyat Sultonining tajallisini ko‘radi. O‘sha yerda u, Rabboniy yonar Olovdan taralgan jonbaxsh Ruh Nidosini eshitadiki, u Unga Fir’avn ahlining qalbiga ilohiy hidoyat nurini solmoqni amr etadi; toki U, ularni nafsu-ehtiros vodiysi ko‘lankasidan ozod etib, jannatiy safo chamanlariga hidoyat etsin va inqito’ Salsabili orqali yiroqlik biyobonidan chiqarib, ilohiy huzurning osoyishtalik shahriga olib kirsin.
Muso Fir’avnning yoniga kelib, Olloh unga amr etganidek, ilohiy mujdani unga yetqazganida, Fir’avn odobsizlik ila Unga deydi: “Qotillik qilib kofir bo‘lgan shaxs Sen emasmiding?” Rabbul Qudrat Fir’avnning Musoga aytgan so‘zlarini naql etar: “Va nonko‘rlardan bo‘lib, qiladigan ishingni qilib qo‘ymadingmi?!”. Muso dedi: “Men, haqiqatdan-da, buni bajardim va men johillardan edim. Va Men sizdan qo‘rqib qochdim, ammo, so‘ngra Rabbim Menga hikmat berdi va Meni o‘z Rasullaridan biri etdi”.[xlv]
58.
Endi esa, yuragingda Olloh uyushtirgan fitnalar ustida tafakkur etkim, U O‘z bandalarini qandayin g‘alati va xilma-xil imtihonlarga solib sinagay. Hech kutilmaganda, bandalari orasidan, qariyib o‘ttiz yil davomida, dunyo ko‘zi oldida Fir’avn xonadonida tarbiya topgan, uning sufrasidan tuz totib ulg‘aygan, hamda qotillikda aybdor bo‘lib, O‘z zolimligiga iqror bo‘lgan kimsani saylab, Unga ilohiy kubro hidoyatidek yuksak bir vazifani amr etmish. Vaholanki, har narsaga Qodir Ul Sulton, Musoning qo‘lini qotillikdan qaytarishga qodir edi, toki U bandalar orasida qotil deb nom chiqarmagan va shu sabab qalblarni vahshatga solib, odamlardan uzoqlashmagan bo‘lar edi.
59.
Xuddi shunday, Maryamning vaziyati va ahvoli haqida mushohada et. O‘shal, eng go‘zal chehra shunchalar ilojsiz va o‘ta og‘ir vaziyatda ediki, dunyoga kelganiga qattiq pushaymon bo‘ldi. Chunonchi, muborak oyatdan ma’lum bo‘lishicha, Maryam Isoni dunyoga keltirganidan so‘ng, o‘z tole’iga yig‘labon faryod ayladi: “Oh koshki, bundan oldin o‘lsamu, butunlay unutilib ketsam edi”[xlvi] Olloh haqi! Bu faryod yurakni ezar va inson borlig‘ini titratar. Bunchalar iztirob, bunchalar tushkunlikning sababi dushmanlarning malomati, kofiru beshafqatlarning ta’na-dashnomi edi. Bir oz fikrla, axir, Maryam xaloyiqqa nima deb javob bersin edi? Otasi noma’lum bu Go‘dak, Muqaddas Ruhdan tug‘ilganini qandayin tushuntirsin? Shu bois Maryam, Ul bokira va boqiy Chehra, Go‘dakni ko‘tarib uyiga qaytdi. Odamlar unga ko‘zi tushishi bilanoq, dedilar: “Ey, Horunning singlisi! Otang yomon odam emas va onang buzuq bo‘lmagan edi-ku”.[xlvii]
60.
Endi esa, ushbu eng fitnayi kubro, eng buyuk imtihonga nazar soling. Bularning barchasiga qaramasdan, Olloh qavm orasidan otasiz deb tanilgan O‘shal Ruh Javhariga Payg‘ambarlik sharafini ato etdi va Uni osmonu zamin ahli uchun O‘z isbotiga aylantirdi.
61.
Endi qarang, Ilohiy Mazharlarning ijod Sultoni amr etganidek yo‘l tutishi, bandalarning hoyu-havaslariga qanchalar ziddir! Va chun, ushbu sirlar mohiyatini anglasang, Ilohiy maqsud bo‘lmish ma’naviy Nigorga, Mahbubga yetgaysan. Sen Qudrat Sohibining so‘z va amallarining birligi va monandligini ko‘rgaysan; ya’ni, sen Uning amalida neni ko‘rsang, o‘shani uning so‘zida ham mulohaza etgaysan va Uning so‘zida neni mulohaza etsang, o‘shani Uning amalida ham ko‘rgaysan. Demak, zohirida bu amallar va so‘zlar fosiqlar uchun jazo otashi, botinida esa, abrorlar uchun marhamat suvidir. Agar qalb ko‘zi ila mulohaza etilsa, Ilohiy iroda samosidan nozil bo‘lgan kalimalar va Qudrat malakutidan zuhur bo‘lgan amallar ayni bir xilda idrok etilgay.
62.
Endi mulohaza et, ey birodarim! Gar ushbu Zuhur Davrida bundayin narsalar zohir bo‘lsa edi, gar hozirgi zamonda bunday voqealar yuz bersa edi, odamlar nima qilgan bo‘lardilar? Bashariyatning haqiqiy Murabbiysi va Olloh Kalomini ochgan Zot haqi qasamki, odamlar uni darhol, savol-javobsiz kofir deya e’lon etib, o‘limga mahkum etardilar. Isoning Muqaddas Ruh nafasidan tug‘ilgani, Musoga ilohiy vazifa berilgani qanchalar so‘ylanmasin, bunga hech kim quloq tutmagan bo‘lar edi. Agar Biz, otasiz bir Go‘dakka Payg‘ambarlik vazifasi berilmish, yoxud bir qotilga Yonar Sidra otashidan “Haqiqatda, haqiqatda, Men Ollohman” vahiysi kelmish deya, ming karra aytsak ham, buni biron-bir quloq eshitmas edi.
63.
Agar insof ko‘zi ochilsa, jamiyki bayon etilganlardan ma’lumki, barcha narsalarning Sababi va nihoyat Maqsadi bo‘lmish Zot, bugungi kunda zohir bo‘ldi. Bu Zuhur Davrida o‘xshash narsalar yuz bermasa-da, odamlar hali ham manfurlarning shubha-gumonli uydirmalariga yopisharlar. Qanchalar og‘ir balolar va ayblovlarni ilgari surdilar! Uning ustiga naqadar shiddatli, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan ayblov va ta’qiblarni yog‘dirdilar!
64.
Ollohu Akbar! Bayon maqomi bu nuqtaga kelganda ko‘rdikki, ruhoniy iforlar samadoniy Zuhur tongidan yoyilmoqdadir va subhidam sabosi Azaliy Sabo yurtidan esmoqdadir. Uning xushxabari jonni yangidan shodlantirdi va ruhga behad sevinch baxsh etdi. U har narsani yangiladi, o‘shal Yori benishondan behisobu bebaho armug‘onlar keltirdi. Insoniy madh libosi Uning latif qaddiga tor kelar, zikr to‘ni Uning munavvar qomatiga kalta kelar. Biron lafz aytmay, U, ma’nolar ramzini kashf etar, hech bir tilsiz ilohiy kalimalar sirini oshkor etar. U, hijron va firoq shoxlaridagi bulbullarga nolayu-fig‘on darsini berar va ularga ishq va oshiqlik qoidasini o‘rgatar va ko‘ngil berishlik namunasidan ta’lim berar. Jannatiy yaqinlik va visol Rizvoni gullariga ishvayu-noz dilbarligi odobini talqin etar. Ishq bo‘stoni qizg‘aldoqlarini haqiqat sirlariga oshno etar va oshiqlar ko‘ksiga teran nafislik timsollarini solar. Ushbu soatda Uning inoyat oqimi shunchalar serobki, Muqaddas Ruh bundan hasrat chekar! U tomchiga dengiz dolg‘asini bermish, zarraga esa, quyosh yog‘dusini inoyat etmishdir. Uning lutfi ne’matlari shunchalik mo‘l-ko‘l to‘kilmishki, go‘ng qo‘ng‘izi mushk-anbar atrini tuymish, ko‘rshapalak esa, o‘zida oftob nuriga chiqish jasoratini topmishdir. U o‘liklarni hayot nafasi ila tiriltirib, ularni foniy jasadlari qabridan chiqarmishdir. U johillarni ilm kursisiga o‘tqazib, zolimlarni adolat taxtiga ko‘tarmishdir.
65.
Borliq olami jamiyki bu inoyatlar ila homilador bo‘lib, qachon ushbu tuproq zaminida Uning g‘ayb inoyatlarining ta’siri paydo bo‘lishini, qachon oyoqdan tolgan tashnalar Mahbubning hayot Kavsariga yo‘l topishini, hamda olislik va nobudlik sahrolaridagi sargardonlar hayot chodiriga yaqinlashib, ko‘ngillar ma’shug‘ining visoliga erishishini kutmoqda. Bu muqaddas urug‘lar qay bir yurak zaminida ungay? Kimning ruhi bog‘ida haqiqatning ko‘rinmas chechaklari ochilgay? Haq ayturmanki, ishq Sidrasi qalb Sinosida shunday otash ila yonarki, muqaddas bayonning oqar suvlari uni hech qachon so‘ndirolmas. Ummonlar bu Nahang otashin chanqog‘ini hech qachon qondira olmas va ushbu mangu olov Qaqnusi, Yor yuzining alangasidan boshqa hech bir joyda qaror topmas. Shuning uchun, ey birodarim, ruh chirog‘ini hikmat yog‘i ila yuraging qo‘rida yondir va uni idrok shishasi ila qo‘riqla, toki mushriklarning nafasi uning nurini to‘smasin va olovini so‘ndirmasin. Shu tariqa Biz, bayon osmonini ilohiy hikmat va irfon Quyoshining shafaqlari ila nurlantirdikki, yuraging osoyishtalik topsin va sen iqon qanotlarida Rabbi Rahmonning muhabbat fazosiga uchganlardan bo‘lgaysan.
66.
“Va o‘shanda samoda inson O‘g‘lining alomati paydo bo‘lar” degan Uning so‘zlariga kelganda, ya’ni buyurmishki, ilohiy ma’rifat quyoshi so‘nib, oldin o‘rnatilgan ahkom yulduzlari to‘kilganda va bandalar murabbiysi bo‘lmish, haqiqiy bilim qamarining nuri to‘silganda, hidoyat va saodat bayroqlari yig‘ilganda, to‘g‘rilik va rostgo‘ylik tongi zulmatga botganda inson O‘g‘lining alomati samoda ko‘ringay. “Samo” so‘zining ma’nosi ko‘rinar osmonni anglatib, vaqti soati kelganda, adolat falaklaridan Quyosh ko‘tarilib, ilohiy hidoyat Kemasi izzat dengizi ichra suza boshlaganda, osmonda Nuri A’zamning kelishidan samo ahliga darak beruvchi bir yulduz paydo bo‘lar. Xuddi shunday, ma’naviy osmonda ham, bir yulduz paydo bo‘larki, zamin ahliga u, yuksak va akram Shafaqning tug‘ilishidan darak berar.
Ko‘rinar va ko‘rinmas osmondagi bu ikki alomat, har bir Nabiy Zuhuridan oldin namoyon bo‘lgan, chunonchi, bu haqda eshitilmishdir.
67.
Jumladan, Ibrohim Halilullohning paydo bo‘lishidan oldin, Namrud tush ko‘rdi va kohinlarni yoniga chorladi. Ular samoda yangi yulduz paydo bo‘lganidan xabar berdilar. Hamchunin, yer yuzida odamlarga Ibrohimning zohir bo‘lganidan darak beruvchi bir jarchi paydo bo‘ldi.
68.
Undan keyin Kalimulloh bo‘lmish Muso keldikim, Uning zamonidagi kohinlar Fir’avnni xabardor etdilar: “Ko‘kda bir yulduz tug‘ilmish, bilginki u, sen va sening xalqing halokatini qo‘lida tutgan bir Go‘dakning onasi qornida paydo bo‘lganligidan dalolat berar”. Shuningdek, bir donishmand paydo bo‘ldi va bani Isroilning qorong‘u tunida ularga xushxabar yetkazib, ruhlariga tasalli, yuraklariga xotirjamlik keltirdi, chunonchi, muqaddas kitoblarda yozilganlar bunga tasdiqdir. Gar tafsilotlar keltirilsa, bir kitoblik risola bo‘lar. Bundan tashqari, o‘tmish hikoyalarini bu yerda zikr etishni istamadik. Xudo shohidki, hatto, hozir esga olishimiz, faqat sizdek janobga bo‘lgan kamoli ehtirom yuzasidandir, toki yer yuzining faqirlari boylik dengizi sohillariga yetishsinlar, johillar ilohiy ilm bahriga yo‘l topsinlar, ma’rifatga tashnalar esa, ilohiy hikmat Salsabilidan totsinlar. Vaholanki, ushbu banda bu maqolalar bilan mashg‘ul bo‘lmoqni og‘ir gunoh va buyuk xato deb hisoblar.
69.
Xuddi shunday, Iso Zuhurining vaqti yaqinlashganda, Iso yulduzining ko‘kda paydo bo‘lishidan xabardor bo‘lgan bir necha majusiylar uning ortidan kuzatib yo‘lga tushdilar va Hirod saltanatining poytaxti bo‘lgan shaharga keldilar. O‘sha kunlarda, o‘sha hudud mamlakatlarining bari uning sultonligi tasarrufida edi.
70.
Bu majusiylar dedilar: “Qayda U, Yahudiylarga Podshoh bo‘lish uchun tug‘ilgan Zot? Zero, biz Uning yulduzini sharqda ko‘rdik va Unga ta’zim etgali keldik!”[xlviii] O‘z izlanishlarida ular, Go‘dakning Beytul-Lahmda, Yahudo yerida tug‘ilganini ko‘rdilar. Bu, ko‘rinar osmonda oshkora bo‘lgan alomat edi. Ko‘rinmas osmondagi, ya’ni ilohiy ilm va ma’no samosidagi alomatga kelganda esa, bu Zakariyoning o‘g‘li Yahyo ediki, Iso Zuhurining mujdasini insonlarga keltirdi. Chunonchi, buyurmish: “Olloh senga Yahyoni berarki, u Ollohdan bo‘lgan Kalomni tasdiqlagay va solih va ma’sum bo‘lgay”.[xlix] “Kalom” Isoni bildiradiki, Yahyo Uning Zuhuri jarchisidir. Samoviy Lavhlarda ham yozilmish: “Yahudo sahrolarida Yuhanno va’z qilardi: “Tovba qilinglar: zero, Osmon Shohligi yaqinlashur”.[l] Yuhanno deyilganda, Yahyo nazarda tutilar.
71.
Hamchunin, Hazrat Muhammadning jamoli zohir bo‘lishidan oldin, ko‘rinar osmonda alomatlar paydo bo‘ldi. Ko‘rinmas osmonning alomatlariga kelganda esa, birin-ketin to‘rt shaxs paydo bo‘lib, ilohiy Shams zohir bo‘lishi xushxabarini insonlarga yetkazdilar. Keyinchalik Salmon nomi berilgan Ro‘zbeh, ularning xizmatida bo‘lish sharafiga muyassar bo‘ldi. Ulardan birining umri oxiriga yetganda, u Ro‘zbehni ikkinchisining yoniga yuborardi va shu tariqa nihoyat, o‘limi yaqinlashayotgan to‘rtinchisi Ro‘zbehga xitob ayladi: “Ey Ro‘zbeh! Mening jasadimni dafn etganingdan so‘ng, Hijozga yo‘l ol, chunki u yerda Muhammadning Quyoshi porlagay. Saodatlisan, zero Ul Hazrat jamolini ko‘rgaysan!”
72.
Endi esa, ushbu yangi, ijozkor va eng yuksak Amr haqida. Munajjimlarning aksariyati ko‘rinar osmonda yulduz tug‘ilganini e’lon etmishlar. Xuddi shunday, yer yuzida ham ikki porloq nur – Ahmad va Kozim[li] paydo bo‘ldilarkim – Olloh ularning xokini tabarruk aylasin!
73.
Bas, aytganlarimizdan ravshanki, ilohiy Zotni aks ettiruvchi har bir Ko‘zgu zuhuridan avval, ularning kelishidan xabar beradigan alomatlar, ham ko‘rinar va ham ko‘rinmas osmonlarda, ya’ni ilm quyoshi, hikmat qamari, ma’no va nutq yulduzlarining manzili bo‘lmish osmonlarda paydo bo‘lishi lozim. Ko‘rinmas osmon alomati komil inson shaxsi orqali namoyon bo‘larki, u, har bir Mazhar zuhuridan avval kelar, insoniy ruhlarni tarbiya etar, bandalar salohiyatini ko‘tarar va ularni odamlar orasida Olloh birligining Nuri bo‘lmish, ilohiy Yoritqichning kelishiga hozirlar.
74.
Endi esa, Uning bu so‘zlari haqida: “Va shunda, inson O‘g‘lining alomati osmonda paydo bo‘ladi, zamindagi barcha qabilalar ohu-nola chekadi va ular samoviy bulutlar uzra inson O‘g‘lining qudrat va buyuk izzat ila kelishini ko‘radilar”. Bu so‘zlar shuni anglatarki, u kunlarda bandalar ilohiy jamol Quyoshining, bilim Qamarining va ilohiy hikmat Yulduzining yo‘qligidan fig‘on chekarlar. Shunda, ular ko‘kdan bulutlar ustida tushayotgan Va’da Bo‘lmishning Ruxsorini, Ma’budning Jamolini ko‘rgaylar. Ya’ni, Ul Ilohiy Jamol, Olloh irodasi samosidan inson siymosida paydo bo‘lgay. “Samo” so‘zi oliylik va buyuklikni bildirar, chunki u, Muqaddaslik Mashriqlarining va Abadiyat Mazharlarining zuhur bo‘lish taxtidir. Bu qadimiy Borliqlar ona qornidan tug‘ilsalarda, aslida, ular Olloh irodasi samovotidan tushmishlar. Garchi yer yuzida yashasalarda, ularning haqiqiy maskanlari ko‘kdagi izzat chodiridir. Foniy bandalar orasida kezsalarda, ular ilohiy yaqinlik fazolarida parvoz etarlar. Ular odim tashlamay ruh yo‘lidan borarlar, qanotsiz ilohiy birlikning yuksak cho‘qqilariga ucharlar. Har nafas ila ular koinotning cheksizligini fath etarlar va har onda ko‘rinar va ko‘rinmas olamlarga sayr etarlar. Ular: “Hech bir ish Uni boshqa bir ish bilan mashg‘ul bo‘lmoqdan saqlay olmas” arshida o‘tirurlar, “Haqiqatan, Ul Zot har kun bir ishdadir”[lii] kursisida qaror topmishlar. Ular Qadimiy Sultonning oliy qudrati ila yuborilmishlar va Maliki A’zam Ollohning yuksak Irodasi ila ko‘tarilmishlar. “Samo bulutlari ustida kelar” iborasining ma’nosi shundadir.
75.
Ilohiy Quyoshlarning nutqlarida “samo” so‘zi ko‘plab turli ma’nolarda ishlatiladi, masalan “Amr samosi,” “Iroda samosi,” “Irfon samosi,” “Iqon samosi,” “Bayon samosi,” “Zuhur samosi,” “Sirlar samosi” va hokazolar. Har bir maqomda U, “samo” so‘ziga alohida bir ma’no bermish va uning mohiyatini ahadiyat sirlaridan voqif bo‘lganlar va azaliyat qadahini ichganlardan boshqa hech kim idrok etolmas. Masalan, U buyurur: “Va osmonda esa sizning rizqingiz, hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar bor”.[liii] Vaholanki, rizq yerda o‘sadi. Xuddi shunday buyurmish: “Ismlar samodan nozil bo‘lar;” holbuki, ular bandalar tilidan eshitilar. Agar sen qalb ko‘zgusini g‘araz g‘uboridan pok va latif aylasang, har bir Zuhur Davridagi, jamiyki narsalarni qamraguvchi Olloh kalomining ramziy ifodalarining barcha ma’nolarini tushunarsan va ilohiy ilmning sirlaridan voqif bo‘larsan. Toki, sen bandalar orasidagi mavjud bo‘lgan behuda bilim parda-to‘siqlarni butkul inqito’ o‘tida yondirib tashlamasang, haqiqiy ilmning nurli tongini ko‘ra olmassan.
76.
Bilginki, Ilm ikki xildir: ilohiy va shaytoniy. Biri ilohiy ilhom chashmasidan oqadir; boshqasi esa, nafsoniy qora fikrlar va xom xayollar ifodasidan boshqa narsa emas. Birinchisining manbai Ollohning O‘zidir; ikkinchisining turtkisi nafsning vas-vasasi. Biriga “Ollohdan qo‘rq; U sizga o‘rgatadi”[liv]tamoyili rahnamodir; boshqasiga esa, “Bilim, inson va uning Yaratguvchisi o‘rtasidagi eng qalin parda” haqiqati tasdiqdir. Birinchisi sabr, zavq-shavq, irfon va muhabbat mevalarini keltirar; ikkinchisi esa kibr, manmanlik va shuhratparastlikdan boshqa narsani keltirmas. Haqiqiy Ilm ma’nolarini izohlagan Muqaddas nutq Sohiblarining so‘zlaridan, dunyoni tutgan bu qorong‘u bilimlarning hidi kelmas. Bunday ta’limlarning daraxti zulm va isyondan boshqa meva bermas, hamda nafrat va hasaddan boshqa hosil keltirmas. Uning mevasi zahri qotil, soyasi esa, nori do‘zaxdir. Qanday go‘zal deyilmishki: “Ko‘ngil Maqsudining ridosidan mahkam tut va tortinishni chetga qo‘y; dunyo zohidlarining ismlari qanchalik mashhur bo‘lmasin, ular bilan vidolash”.
77.
Bas, shunday ekan ko‘ngilni barcha behuda gaplardan va qalbni har qanday dunyoviy bog‘liqliklardan pok va muqaddas tutish kerakki, toki u, Ilohiy ilhomning nihon ma’nolari joyi bo‘lsin va Rabboniy ilm sirlarining xazinasiga aylansin. Zero, buyurilmish: “Oq Yo‘ldan ketgan va Alvon Ustun izidan ergashgan kimsa, kaftlarini insonlar aziz tutgan dunyoviy narsalardan bo‘shatmagunicha, o‘z makoniga (abadiy vataniga) yetolmas”. Bu yo‘ldan boradigan har kimsa uchun asosiy shart shudir. Tafakkur va idrok ayla, toki pardasiz ochiq ko‘zlar ila ushbu so‘zlar mohiyatini anglarsan.
78.
Garchi aytilganlarning hammasi, faqatgina Bizning fikrimizni tasdiqlash uchun xizmat etsada, asosiy maqsaddan uzoqlashdik. Xudo haqi! Biz qanchalar qisqa va muxtasar bo‘lishga urinmasak-da, qalam jilovi qo‘ldan ketmish va shunday bo‘lsada, Qalbimiz sadafida behisob marvaridlar ochilmay qolmish. Ilohiy hikmat g‘urfalarida yana qancha-qancha teran ma’no hurlari bor! Hali hech bir kimsa tegmagan hurlar, “ularga na bir ins va na bir jin tegingandir”.[lv]Aytilgan barcha so‘zlarga qaramay, go‘yoki Maqsadimizga oid na bir harf aytildi va Murodimizga tegishli na bir ishora oydinlashdi. Haj ehromiga o‘ranib, qalb istagi Ka’basiga yetishadigan, hamda zabonsiz va quloqsiz Ilohiy Kalom sirlarini eshitib anglaydigan biron mahram qachon topilgay?
79.
Bas, ushbu qat’iy, yorqin va komil bayonlar orqali, avvalroq nozil etilgan oyatdagi “samo” so‘zining ma’nosi ayon bo‘ldi va tushuntirildi. Endi esa, Uning Inson O‘g‘li “samo bulutlari uzra kelajak” iborasiga kelganda, “bulutlar” so‘zi orqali insonlarning nafsu havolariga zid bo‘lgan narsalar nazarda tutiladi. Chunonchi, mazkur oyatda zikr etilmish: “Har zamonu asrda, Parvardigor tomonidan bir Payg‘ambar sizlarning havoyu nafsingizga yoqmaydigan narsa bilan kelsa, takabburlik ko‘rsatib, mo‘min bo‘lmadingiz va ba’zilarini yolg‘onchiga chiqarib, ba’zilarini esa o‘ldiraverdingiz”.[lvi] Masalan, “bulutlar” so‘zi bir ma’noda, qonunlarning bekor qilinishi, avvalgi shariatning o‘zgarishi, insonlar orasidagi odatiy rasm-rusumlarning rad etilishi, avom mo‘minlarning Amrni inkor etgan ulamolardan ustun bo‘lishini anglatadi. Boshqa bir ma’noda, azaliy Jamolning foniy inson timsolida zohir bo‘lib, yemoq va ichmoq, faqirlik va boylik, izzat va zillat, uxlamoq va uyg‘onmoq kabi zaminiy xossalar bilan chegaralangan bo‘lishini va bu esa, ommani shubhaga solib, yuz o‘girishiga sabab bo‘lishini bildiradi. Bunday to‘siq-pardalar ramziy ma’noda “bulutlar” deyiladi.
80.
Butun zamin ahlining ilmu-irfon samovotini yorib parchalaguvchi “bulutlar” aynan shulardir. Chunonchi, buyurmish: “O‘sha kunda samo, bulutlar ila yorilib parchalangay”.[lvii]
Inson ko‘zlariga quyoshni ko‘rishga bulutlar mone’lik qilgani kabi, xuddi shunday narsalar insoniy ruhlarga ham O‘shal haqiqiy Quyosh nurlarini idrok etishlarida to‘sqinlik qiladi.
Chunonchi, kofirlarning tili aytgan narsalar muqaddas Kitobda yozilmish: “Va ular dedilar: Bu ne Rasulki, U taom yeyar va bozor kezar? To bir farishta nozil bo‘lib, Uning birla qo‘rqitmagunicha, biz ishonmasmiz”.[lviii]
Boshqa Payg‘ambarlar ham xuddi shunday, faqirlik va balolarga, ochlik va xastalik kabi bu dunyoning tasodiflariga duchor bo‘lganlar. Ushbu muqaddas Siymolarning bundayin ehtiyoj va mahrumiyatlar ichra qolganlarini ko‘rgan insonlar, shak-shubha sahrolarida adashib, vahmu-gumon biyobonlarida hayronu-sargardon qolganlar. Ular taajjub etarlarki, qanday qilib bir shaxs Olloh tomonidan kelib, O‘zini yer yuzining barcha xalqlari va toifalari ustidan g‘olib deya izhor etsa va O‘zini butun yaratilmishning maqsadi deya iddao etsa – chunonchi buyurmish: “Sen bo‘lmaganingda, yeru ko‘kdagilarni yaratmas edim”- va qanday qilib shunday bir shaxs oddiy narsalarga muhtoj qolar? Chunonchi, Ollohning har bir Payg‘ambari va Uning sahobalari boshiga tushgan faqirlik, xastalik va zillatlar haqida eshitgansiz. Chunonchi, Ularning sahobalari boshlarini shaharma-shahar hadya sifatida yubordilar, ularga o‘zlariga berilgan vazifalarni bajarishga shafqatsizlarcha man’ qildilar. Ularning har biri Uning Amri dushmanlarining qo‘llarida giriftor qolib, istalgan kuyga solinib azoblandilar.
81.
Ma’lumki, har bir Zuhur Davrida yuz beradigan o‘zgarishlar qora bulutlarni tashkil etadikim, ular bandalarning ichki idrok ko‘zini ilohiy Mohiyat mashrig‘idan porlaguvchi ilohiy Quyosh ma’rifatidan to‘sgay. Zero qarang, yillar davomida necha-necha nasllar ajdodlariga ko‘r-ko‘rona taqlid qilib, o‘sha shariatda muqarrar bo‘lgan tartib-qoidalarga oid tarzda tarbiya topib kelarlar va ko‘rarlarki, ularning orasida yashaydigan, insoniy mahdudiyati bilan o‘zlaridan farq etmaydigan bir shaxs, to‘satdan maydonga chiqadiyu, ularning dinlari amr etgan barcha qoidalarni bekor qiladi, – qaysikim, bu shariat qoidalari bo‘yicha ular asrlar davomida tarbiya topib keldilar va ularga qarshi chiqib, ularni inkor etgan har qanday shaxsni kofir, fosiq va gunohkor hisoblab keldilar — shubhasiz, bu ular uchun parda bo‘lar va Uning haqiqatini tanimoqlikdan mahrum etar. Bundayin narsalar “bulutlarki”, botiniy borlig‘i inqito’ Salsabilidan totmagan, yoxud ilohiy ma’rifat kavsaridan ichmagan kishilarning ko‘zlarini to‘sgay. Bunday kishilar mazkur hollarga uchraganda, chunon pardalanarki, savol-javobsiz Olloh Mazharini kofir deb e’lon qilarlar va Uni qatl etishga mahkum etib, fatvo berarlar. Chunonchi, bunday narsalarning zamonlar uzra bo‘lib kelganini ko‘rgan va eshitgansiz va endi ham kuzatarsiz.
82.
Shunday ekan, bor kuchimizni sarflashimiz kerak, toki Ollohning g‘ayb yordami ila ushbu zulmatli hijoblar, ushbu samoni parchalaguvchi Rabboniy imtihon bulutlari bizga Uning nurli Jamolini ko‘rishimizga to‘sqinlik qilmasin va Uni faqat Uning O‘zi orqali taniylik. Gar Uning haqligiga dalil istar bo‘lsak, biz birgina hujjat bilan qoniqishimiz kerak, toki shu tarzda biz, Uning intihosiz fayzi Manbasi huzurida jamiyki dunyoviy fayzlar hech narsa bo‘lmagan Zotga yetishgaymiz, nainki Unga har kun bir xayol ila e’tiroz etaylik va o‘z hoyu-havaslarimizga yopishaylik.
83.
Subhonolloh! Jamiyki insonlar uyg‘onsin va Olloh fazli dengizining mavjlaridan benasib qolmasin deya, g‘aroyib ishoralar va ajoyib ramzlar tilida o‘tmishda xabar etilgan ogohlantirishlarga qaramay, bundayin narsalar hali ham yuz berayotganligiga shohidlik berilmoqda! Bunday mazmunlar Qur’onda ham nozil etilganki, chunonchi buyurmish: “Yo‘qsa, ular Ollohning bulutlar ko‘lankasida kelishini kutarmilar?”[lix] Olloh Kalomining harfiga qattiq yopishgan ulamolar, bu oyatlarning ba’zilarini o‘z xom xayollariga ko‘ra mavhum qiyomat alomatlaridan biri deya hisoblaydilar. Vaholanki, buning mazmuni aksari samoviy kitoblarda yozilmish va keyingi Mazharning alomatlari barcha matnlarda zikr etilmish.
84.
Hamchunin, U buyurmish: “Bas, qalin tutun osmonni qoplaydigan va barcha odamlarni o‘rab oladigan kun, alamli azobdir”.[lx] Iflos odamlarning orzulariga zid bo‘lgan aynan shu narsalarni Rabbul Izzat sinov toshi va mezon sifatida qaror etmishki, toki uningla bandalar sinalsin, insofli insofsizdan, iymonli iymonsizdan ajralib tursin. “Tutun” so‘zining ramziy ma’nosi chuqur ixtiloflar, odatiy rasm-rusumlarning yo‘qolishi va nobud bo‘lishini, hamda ularning tor tushunchali tarafdorlarining tamomila mahv etilishini bildiradi. Hozirda dunyo odamlarini o‘z iskanjasiga olib azob berayotgan va ular qanchalik urinsalar-da, qutulishga umid qoldirmagan tutundan ko‘ra qalinroq va kuchliroq yana qanday tutun bor? Ular ichida yonayotgan nafs alangasi shu qadar kuchliki, ular har onda yangi azoblarga giriftordirlar. Zero, Ollohning bu ijozkor Amrining, ulug‘vor bu Zuhurning butun odamzodga ochilganini va kundan-kunga kuchayayotganini eshitdi deguncha, ularning qalbidagi alanga o‘ti yanada avj olar. Kundan-kunga Uning O‘zi yordam berayotgan Ollohning sharafli va mustahkam sahobalarining bukilmas kuchini, mutlaq inqito’sini, sabotli matonatini ko‘rdi deguncha, ularning yuraklarini chulg‘agan iztirob yanada chuqurlashar. Hamdlar bo‘lsin Ollohga, ushbu kunlarda Uning So‘zi qudrati insonlar ichra chunon ortdiki, ular hech bir so‘z demoqqa jur’at etolmas. Modomiki, ular Mahbub yo‘lida yuzming jondan bajonudil kechib, qurbon etmoqqa hozir bo‘lgan Olloh do‘stlaridan biri bilan yuzma-yuz kelsalar, shunchalar qo‘rqarlarki, Unga iymon keltirarlar, xilvatda qolganlarida esa, Uning nomini haqoratlash va la’natlash bilan mashg‘ul bo‘larlar! Chunonchi buyurmish: “Ular sizni ko‘rganda: “Iymon keltirdik”, derlar, ammo holi qolganlarida, sizlarga bo‘lgan qattiq g‘azablaridan barmoqlarini tishlarlar. Ayt: “G‘azablaring bilan o‘lib ketinglar”. Olloh haqiqatda, yuragingiz qa’ridagi yashirin narsalarni bilguvchidir”.[lxi]
85.
Tez orada, sen ilohiy qudrat bayroqlarining barcha o‘lkalar uzra hilpiraganini va Uning saltanati va g‘alabasi nishonalarining har bir diyor ichra namoyon bo‘lganini ko‘rarsan. Ulamolarning aksariyati bu oyatlar ma’nosini tushuna olmaganligi va Qiyomat Kunining ma’nosini anglay olmaganligi sabab, bu oyatlarni o‘zlarining uydirma va xato tushunchalariga ko‘ra tafsir etmishlar. Yagona Haqq Mening shohidimdir! Gar ozgina ichki nigoh bo‘lsa, ushbu ikki oyatning ramziy ma’nosidan Bizning nimalar demoqchi bo‘lganimiz idrok etilgay va Rahmon inoyati tufayli iqonning munavvar subhiga yetishsa bo‘lar. Baho Sidrasi butoqlari uzra kuylayotgan boqiy Jannat Qushining senga bag‘ishlagan tarannumi shul, toki sen Olloh izni bilan ilmu hikmat so‘qmog‘idan yura olgin.
86.
Endi esa Uning: “U O‘z malaklarini yuborgay…” so‘zlari haqida. “Malak” deganda, ruh kuchi ila quvvatlangan, Ollohga muhabbat otashida insoniy sifat va cheklovlarning barchasini yondirib tashlagan, eng oliy Vujudlarning va Karrubin liboslarini kiyganlar nazarda tutilar. Chunonchi, hazrati Sodiq[lxii]
Karrubin vasfida buyurar: “Arshning orqasida shia yo‘ldoshlarimizdan iborat bir qavm turar”. “Arshning orqasida” iborasining turlicha bo‘lgan ko‘plab ma’nolari bordir. Bir ma’noda, ular haqiqiy shialarning mavjud emasligini ko‘rsatar. Chunonchi, boshqa bir yerda buyurmish: “Haqiqiy mo‘min misli kimyo toshidir”. Tinglovchisiga xitob aylab, u so‘rar: “Sen kimyo toshini hech ko‘rganmisan?” Har qanday tildan chechanroq bo‘lgan bu ramziy tilning naqadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekanligini qarang, u haqiqiy mo‘minning mavjud emasligidan dalolat beradi. Sodiq bunga shahodat berar. Endi, so‘zlari iymonni muqarrar etguvchi shaxslarni kofir deguvchi, o‘zlari esa, iymonning hidini tuya olmagan insofsizlarning ko‘pligi ustida mulohaza et.
87.
Bu muqaddas vujudlar o‘zlarini har qanday insoniy cheklovlardan shunchalik pok va muqaddas aylab, ruhiy axloq sohiblari xususiyatlariga ega bo‘lib, muborak shaxslarning oliyjanob sifatlari ila bezanmishlarki, shu bois, ular “malaklar” deb atalmishlar. Bu oyatlarning ma’nosi shunday, ulardagi har bir so‘z eng oydin bitiklar, eng ishonchli dalillar va tasdiqlangan isbotlar ko‘magida izoh etilmish.
88.
Iso ummatlari bu so‘zlarning ma’nosini tushuna bilmaganlaridan, chunonchi o‘zlari va ulamolarining kutgan alomatlari zohir bo‘lmaganidan, Iso zamonidan buyon zuhur etilmish, o‘shal Muqaddaslik Mazharlarining haqiqatini tanimoqlikdan hanuz tongaylar.
Ular o‘zlarini Ollohning muqaddas fayz yomg‘irlaridan va Uning ilohiy kalomlarining mo‘’jizalaridan mahrum etdilar. Bu Qiyomat Kunida, ushbu bandalar darajasining pastligi shunday. Gar har bir davrda ilohiy Zuhur alomatlari hadislar matniga uyg‘un o‘laroq, ko‘rinar olamda yuz bersa edi, hech kim na inkor etganu, na yuz o‘girgan bo‘lardi va na yarlaqalangan pastkashdan, na gunohkor taqvodordan farqlanmay qolishini, ular hatto tushuna olmadilar. Insof ila mulohaza et: agar Injilda yozilgan bashoratlar harfma-harf amalga oshganida; agar Maryam o‘g‘li Iso malaklar qurshovida bulutlar uzra ko‘rinar samodan tushganida; kimning ishonmaslikka, yoxud haqiqatni inkor etishga va kibrlanishga haddi sig‘ar edi? Yo‘q, yer yuzi ahlini shunday bir vahima qamrab olardiki, nainki haqiqatdan tonsin yoki uni qabul etsin, vaholanki hech kim hatto bir so‘z deya olmasdi. Bu haqiqatlarni yanglish tushunganlari sabab ko‘pgina nasroniy ulamolar Hazrat Muhammadni inkor etdilar va shunday so‘zlar ila e’tiroz etdilar: “Agar sen, chindan ham o‘sha va’da etilmish Nabiy bo‘lsang, bas, ne uchun bizning muqaddas kitoblarda yozilganidek, va’da etilmish Jamol bilan birgalikda kelguvchi, Uning Amrida Unga ko‘mak berguvchi va bandalarni ogohlantiruvchi malaklar qurshovida kelmassan?”. Chunonchi, Izzat Sohibi ular tilidan yozmish: “Ne uchun Uning birla ogohlantiruvchi bir malak yuborilmagay?”[lxiii]
89.
Bunday e’tiroz va ixtiloflar har bir davr va asrda davom etib kelgan. Insonlar hamisha bunday bema’no suhbatlarga berilganlar va e’tiroz etganlar: “Nega falon alomat yuz bermadi yoki falon isbot namoyon bo‘lmadi?” Ular, o‘zlari yashagan davr ulamolarining yo‘l-yo‘rig‘iga yopishib, ushbu inqito’ Javharlarini, ushbu muqaddas va ilohiy Zotlarni qabul qilish yoki inkor etishda ularga ko‘r-ko‘rona taqlid etganliklari sabab, bunday illatga duchor bo‘ldilar. Bu peshvolar o‘z nafsoniy ehtiroslari ichra g‘arq bo‘lib, o‘tkinchi va qabih ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganlari bois, ushbu Boqiy Quyoshlarni, o‘z bilim va tushunchalarining mezoniga zid, hamda o‘z hatti-harakatlari va qoziliklariga qarshi deb bildilar. Ular Olloh Kalomini, Ahadiyat Harflarining aytganlarini va hadislarni so‘zma-so‘z ma’noda sharhlaganliklari va ularni cheklangan tushunchalariga mos ravishda izoh etganliklari sabab o‘zlarini, hamda o‘z xalqlarini Parvardigor fazlu marhamatining barakali yomg‘irlaridan uzoqlashtirib, mahrum etmishlar. Garchand, ular mashhur bo‘lmish ushbu hadisni e’tirof etarlar: “Darhaqiqat, Bizning So‘zimiz qiyindan qiyindir”. Boshqa bir joyda esa buyurar: “Bizning Amrimiz sinovli darajada qiyindir; suyukli malaklar va ilhomlangan Nabiy yoxud qalb iymoni Ollohning imtihonidan o‘tgan bandadan boshqa hech kim unga tahammul eta bilmas”. Bu peshvolarning e’tirof etishlaricha, bu maxsus uch shartdan hech biri ularga to‘g‘ri kelmas. Dastlabki ikki shart ularning idrokidan olisligi yaqqoldir; uchinchisiga kelganda esa, ravshanki, ular hech vaqt Olloh yuborgan imtihonlardan o‘tolmadilar va ilohiy Sinov Toshi paydo bo‘lganida, hiyladan ortig‘iga yaramadilar.
90.
Subhonolloh! Ushbu hadisning to‘g‘riligiga iqror bo‘lganliklariga qaramay, o‘z dinlarining shar’iy chalkashliklari borasida hanuz shubhayu-gumonda bo‘lgan va bular ustida mubohisa etguvchi bu ulamolar, Olloh qonunining sharhlovchisi va Uning muqaddas Kalomi mohiyati sirlarining tafsirchisi bo‘lmoqqa iddao etgaylar. Ularning ishonchlari komilki, kutilmish Qoyimning kelishidan darak beruvchi o‘sha hadislar hali ham amalga oshmadi, holbuki, o‘zlari bu hadislar ma’nosining hidini tuya bilmadilar va hanuzgacha bexabardirlarki, jamiyki bashorat etilgan alomatlar zohir bo‘lmish, Olloh muqaddas Amrining siroti ochilmish, hatto sodiq mo‘minlar guruhi, u yo‘ldan yashin kabi kechib borayotirlar, unda nega o‘shal axmoq ulamolar bashorat etilgan alomatlarga hanuz muntazirlar. Ayt: “Ey johillar to‘plami! Sizdan avval kutganlar kabi, hali ham kutavering!”
91.
Agar Biz avvalroq aytib o‘tganimizdek, Muhammad Vahiysidan va Uning Zuhuri quyoshining ko‘tarilishidan darak berguvchi o‘sha alomatlarning so‘zma-so‘z ma’noda hech biri amalga oshmagani haqida ulardan: “Nega siz nasroniylar va boshqa ummatlar ilgari surgan dalillarni rad etdingiz va ularni kofir deb atadingiz?” deb so‘ralsa, qanday javob berishlarini bilmay, shunday derlar: “Bu kitoblar tahrif etilgan va ular hech qachon Olloh tomonidan nozil bo‘lmagan”. Fikrlang: oyatlardagi so‘zlar oydinligi ularning Ollohdan ekanligini isbotlar. Gar tushunganlardan bo‘lsangiz, Qur’onda ham xuddi shunday bir oyat nozil bo‘lgandir. Chin ayturman, bu muddat davomida ular tahrifning nima ekanligini aslo tushunmadilar.
92.
Ha, Muhammadiy Zuhur quyoshini aks ettirgan Oynalarga nozil bo‘lmish oyat va kalimalarda “oliy zotlar tomonidan kiritilgan tahrif” va “takabburlar kiritgan o‘zgartirishlar” haqida zikr etilgandir. Lekin, bular faqat maxsus holatlarga tegishlidir. Ulardan biri Ibni-Surayyo hikoyasidir. Xaybara ahli oilali erkak bilan oilali ayol orasida bo‘lgan zino uchun jazo haqida Muhammadiy Zuhurning markaziy nuqtasidan (Firqon nuqtasidan) so‘raganlarida, Ul Zot buyurmishlar: “Ollohning hukmi toshbo‘ron qilib o‘ldirishdir”. Bu zamon ular e’tiroz bildirib dedilar: “Tavrotda bunday hukm yo‘q”. Muhammad javob berdi: “Rovvinlaringiz orasida kimni musallam va haqiqatni biladigan shaxs sifatida qabul etasiz?” Ular shunday bir kishi Ibni-Surayyo ekanligini ma’lum qildilar. Shunda, Muhammad uni yoniga chorlab dedi: “Sizlar uchun dengizni yorgan, ko‘kdan sizlarga manna unini tushirgan, bulutlar ila sizlarga soya solgan, sizlarni Fir’avn va uning quvg‘inidan qutqargan, sizlarni barcha insonlardan ustun etgan Olloh haqqi, Sendan so‘rayman, oilali erkak bilan oilali ayol orasida bo‘lgan zino borasida Musoning hukmi nedir?” U javob berdi: “Yo Muhammad! Toshbo‘ron qilib o‘ldirmoq”. Hazrat buyurdilar: “Bas, unda ne uchun bu qonun yahudiylar orasida bekor etilgan va tadbiq etilmas?” Ibn-Surayyo arz etdi: “Navoxudonosor Baytul-Muqaddasni o‘tga solib, jamiyki yahudiylarni qatl etganida, faqat bir necha nafargina omon qoldilar. O‘sha davr ulamolari yahudiylar sonining juda oz qolganini va Amoliqlar sonining ko‘pligini ko‘rib, to‘planib maslahat qurdilar va shunday bir qarorga keldilarki, agar Tavrotning hukmi qo‘llanilsa, Navoxudonosorning qo‘lidan qutulgan har kimsa Kitob hukmiga binoan o‘ldirilishi kerak. Buni nazarda tutib, ular har qanday qatl jazosini tamomila bekor etdilar”. Shu zamon Jabroyil Muhammadga nozil bo‘lib, uning munavvar qalbini ushbu so‘zlar ila ilhomlantirdi: “Ular Olloh So‘zi matnini tahrif etarlar”.[lxiv]
93.
Bu, aytib o‘tilgan mavzulardan biridir. Bu o‘rinda, matnning “tahrif bo‘lishi”ning ma’nosi axmoq va pastkash kimsalar tasavvur etganlaridek emas, chunonchi ulardan ba’zilarining aytishicha, yahudiy va nasroniy ulamolar Muhammad tal’atini vasf etguvchi oyatlarni Kitobdan o‘chirmishlar va unga uning aksi bo‘lgan narsalarni kiritganlar. Bunday so‘zlar nihoyatda bema’ni va asossizdir! Nahot Kitobga ishongan, uning Ollohdan ekanligiga iymon keltirgan inson unga o‘zgartirish kiritar? Bundan tashqari, Tavrot faqat Makkayu Madinada emas, balki butun yer yuziga yoyilgan bo‘lib, uni yashirincha o‘zgartirish yoinki tahrif etishning iloji yo‘q edi. Aksincha, matn tahrifi deganda, barcha musulmon ulamolarining bu kunda mashg‘ul bo‘lgan narsalari nazarda tutilar, ya’ni Ollohning muqaddas Kitobiga o‘z nafsu-havo va xom-xayollariga uyg‘un holda ma’no va tafsir berarlar. Hazrat Muhammad zamonidagi yahudiylar Tavrotda Ul Zotning zohir bo‘lishi bilan bog‘liq Kitob oyatlarini o‘z hoyu-havaslariga mos holda tafsirlaganlar va Uning muqaddas bitiklaridan qoniqmaganlari va rozi bo‘lmaganliklari uchun, ularga nisbatan “tahrif etguvchilar” hukmi berilgandir. Xuddi shu tarzda, bugun ham shu narsa ayonki, Qur’on ahli kutilayotgan Zuhurning alomatlari bilan bog‘liq bo‘lgan Kitob oyatlarini tahrif etmish va uni o‘z mayl va hoyu-havaslariga mos ravishda sharhlamish.
94.
Boshqa bir joyda, U buyurar: “Ulardan bir qismi Olloh Kalomini eshitadilar, so‘ngra uni anglab yetganlaridan keyin, uni bilib turib tahrif etadilar”.
[lxv]Bu oyat shundan dalolat berarki, so‘zlarning o‘zigina almashtirilmagan, balki Olloh so‘zining mazmun-mohiyati tahrif etilmishdir. Bunga sog‘lom fikrli har kimsa shahodat berar.
95.
Yana boshqa bir joyda, U buyurar: “O‘z qo‘llari bilan Kitobni buzib ko‘chirib yozgan, so‘ngra ozgina qiymatga sotish uchun: `Bu Kitob Ollohdandir` deydigan kimsalar holiga voy”.[lxvi] Bu oyat Yahudiy ulamo va peshvolariga nisbatan nozil bo‘lmishdir. Bu ulamolar boylarga xushomadgo‘ylik ko‘rsatmoq, dunyoviy manfaatlarga ega bo‘lmoq, o‘z hasad va kufrlariga erk bermoq uchun Hazrat Muhammadga qarshi qator raddiyalar yozdilarki, o‘z dalillarini bu yerda aytish joiz bo‘lmagan isbotlar bilan asoslab, o‘z dalillariga Tavrotdan olingan deb nisbat berdilar.
96.
Chunonchi, bugun ham xuddi shunday holatni ko‘rish mumkin. Ushbu zamonning nodon ulamolari, mazkur yangi Amrni mahv etmoq uchun qancha raddiyalar yozdilar! Bu bo‘htonlarni Ollohning muqaddas Kitobi oyatlariga va oqillarning so‘zlariga hamohang deya, naqadar botil xayollarga berildilar.
97.
Bu narsalarni naql etmoqdan maqsadimiz sizni ogoh etishdirki, agar ular Injil oyatlarida keltirilgan alomatlarning tahrif etilganidan gapirsalar, ularni rad etsalar va ularning o‘rniga boshqa oyat va hadislarga yopishsalar, bilingki, ularning so‘zlari oshkora yolg‘on va mutlaq tuhmatdir. Ha, matning Biz aytgan ma’noda “tahriflanishi” muayyan hollarda darhaqiqat yuz bergandir. Chunonchi, ulardan ba’zilarini Biz eslatib o‘tdik, toki har bir basirat sohibiga ma’lum va ravshan bo‘lsinkim, ustoz ko‘rmagan ilohiy Kishilarga insoniy bilimdonlikni qamrash qudrati berilmishki, badxoh dushmanlar Bizni go‘yo bilimsizlik tufayli bu narsalarni so‘ylaydi deya, falon oyatning matni “tahrif” etilganligi ustida mubohisa va da’vo etmasinlar. Bundan tashqari, matnning “tahrif” bo‘lganini ko‘rsatadigan oyatlarning aksariyati Yahudiylarga nisbatan nozil bo‘lgandir, illo Qur’on Zuhuri orollarini tadqiq etganlardan bo‘lsangiz.
98.
Biz ba’zi axmoqlarning samoviy Injilning asl matni nasroniylar orasida mavjud emas va u osmonga ko‘tarilmish deb ta’kidlaganini eshitdik. Ularning xatosi qanchalar og‘ir! Marhamatli va mehribon Parvardigorga nisbat berib, g‘aflat ichra bayon etilgan bunday da’volar qanchalar eng mudhish zulm va jabrdir! Iso Jamolining Quyoshi Uning qavmi ko‘zidan g‘oyib bo‘lib, to‘rtinchi falakka yuksalganida, nahot Olloh Uning xalqi orasida, Uning eng buyuk dalili bo‘lmish, Uning Muqaddas Kitobini ham g‘oyib qilgay? Iso zamonining Quyoshi botgach, to Muhammad Zuhurining Quyoshi chiqquniga qadar, bul insonlar nimani mahkam tutishlari kerak edi? Qaysi qonundan ular tayanch va hidoyat topsin edi? Nega endi bu odamlar, haqiqiy Qasoskor Ollohning intiqom g‘azabining qurboni bo‘lsinlar edi? Nechun Samoviy Sulton ularni O‘z jazo-yu, azob qamchisiga giriftor etsin edi? Qolaversa, bularning baridanda ustunroq, Fayz Sohibining fazl sellari nechun tugasin edi? Nechun Ijod Sultoni rahmat darvozalarini berkitsin edi? Bandalarning Olloh haqida qilgan uydirma-gumonlaridan, Uning O‘zidan panoh topgaymiz! U, ular idrokidan yuksakdir!
99.
Ey aziz do‘st! Endilikda, Ollohning ushbu azaliy subhi-sahari yorishganda, Uning “Olloh osmonu va zamin nuridir”[lxvii] muqaddas so‘zlarining yog‘dusi inson olamini munavvar etganda, Uning ismat va muhofaza chodiri “Olloh O‘z nurini mukammal etmoqni istamish”[lxviii]
muborak bayoni ila tiklanganda va qudrat Qo‘li Uning “Har narsaning saltanati Uning qo‘lidadir” shahodatini tutib, yer yuzining barcha xalqlari va qavmlari uzra cho‘zilganda, belni himmat kamari ila mahkam bog‘lash kerak, shoyadkim ilohiy inoyatu karomatlar tufayli “Darhaqiqat, Ollohdanmiz” qudsiy shahriga doxil bo‘laylik va “Unga qaytgaymiz” izzat manzilidan qaror topaylik. Olloh izni ila sen qalb ko‘zini dunyoviy obu gildan poklashing kerak, toki ilohiy irfonning intihosiz martabasini anglagaysan, Haqqni shu qadar aniq ko‘rursanki, toki Uning borligiga isbot talab qilmassan, Uning shahodatini tasdiqlaguvchi dalilga ehtiyoj sezmassan.
100.
Ey tirishqoq izlanuvchi! Gar sen ruhning muqaddaslik fazosiga parvoz etsang, Ollohning har narsa ustidan zohir va yuksak ekanligini tan olgan bo‘lardingki, ko‘zlaring Undan boshqani ko‘rmasdi. “Olloh tanho edi; Undan boshqa hech kim yo‘q edi”. Bu maqom, biron dalilning unga dalolat berishi va yoki biron isbot uning haqiqatini isbotlashidan muqaddasdir. Agar sen haqiqatning qudsiy fazosiga sayr etsang, barcha narsalarning faqat Uning ma’rufiyatiga oshnolik orqali ma’ruf bo‘lishini kashf etarding, U, hamisha O‘z vositasi orqali tanilmish va tanilajakdir. Va agar sen isbotlar diyorining yashovchisi bo‘lsang, Uning buyurgani bilan kifoyalanarsan: “Axir ularga Biz nozil etgan kitob kifoya emasmi?”[lxix] Mana Uning O‘zi amr etgan isbot; bundanda buyukroq isbot bo‘lmagan va bo‘lmaydi: “Uning So‘zi bunga isbotdir; Uning O‘zi O‘z haqiqatiga dalildir”.
101.
Endi esa, biz Bayon ahlidan – butun orifu oqillardan, ulamoyu shohidlardan o‘tinib so‘raymizki, ular o‘z Kitoblarida yozilgan pandu nasihatlarni unutmasinlar. Qo‘yingki, nazarlarini doimo Uning Amrining mohiyatiga qaratsinlar va qachonki Javharlar Javhari, Haqiqatlar Haqiqati, Nurlar Nuri bo‘lmish Ul Zot namoyon bo‘lganida, mabodo ular Kitobning ba’zi iboralariga yopishib, Qur’on Shariati paytida solingan malomatlarni Uning ham boshiga solmasinlar. Zero, Ul ilohiy Qudrat Sultoni, O‘z ijozkor so‘zlarining birgina harfi ila Bayonni va Bayon ahlini hayot nafasidan judo etishga va birgina harfi ila ularni nafsu havo qabrlaridan ko‘tarib, ularga yangi va abadiy hayot bag‘ishlashga qodirdir. E’tiborli va ogoh bo‘ling; har narsaning oxirati Unga iymon keltirishda, Uning kunini va Uning diydori huzurini anglab yetishda ekanligini yodda saqlang. “Yuzingizni Mashriq yoki Mag‘ribga qaratmoq taqvo emas, Ollohga va oxirat kuniga ishonmoq taqvodir”.[lxx] Ey Bayon ahli, Biz sizga nasihat etgan haqiqatga quloq tutingki, shoyad Olloh Kunida butun insoniyat uzra solinmish ko‘lanka ostidan panoh topgaysiz.
Birinchi qismning yakuni
[i] Qur’on 36:30
[ii] Qur’on 40:5.
[iii] Qur’on 11:38.
[iv] Qur’on 71:26.
[v] Qur’on 29:2.
[vi] Qur’on 35:39.
[vii] Qur’on 11:61, 62.
[viii] Abraham.
[ix] Qur’on 40:28.
[x] Qur’on 11:21.
[xi] Qur’on 2:87.
[xii] Qur’on 3:70.
[xiii] Qur’on 3:71.
[xiv] Qur’on 3:99.
[xv] Qur’on 3:7.
[xvi] Qur’on 76:9.
[xvii] Qur’on 5:117.
[xviii]Qur’on :24.
[xix] The Greek word used (Thlipsis) has two meanings: pressure and oppression.
[xx] Matthew 24:29–31
[xxi] The passage is quoted by Bahá’u’lláh in Arabic and interpreted in Persian
[xxii] Luke 21:33.
[xxiii] “Lamentation” attributed to the Twelfth Imám.
[xxiv] Qur’on 55:5.
[xxv] Qur’on 67:2
[xxvi] Qur’on 76:5.
[xxvii] Qur’on 6:91
[xxviii] Qur’on 41:30.
[xxix] Qur’on 70:40.
[xxx] Qur’on 82:1
[xxxi] Qur’on 14:48.
[xxxii] Qur’on 39:67
[xxxiii] The direction toward which the face must be turned when praying.
[xxxiv] Mecca.
[xxxv] Medina.
[xxxvi] Qur’on 2:144.
[xxxvii] Prostrations.
[xxxviii] At Mecca.
[xxxix] Qur’on 2:149.
[xl] Qur’on 2:115.
[xli] Qur’on 2:143.
[xlii] Qur’on 74:50.
[xliii] Qur’on 28:20.
[xliv] Qur’on 24:35.
[xlv] Qur’on 26:19.
[xlvi] Qur’on 19:22.
[xlvii] Qur’on 19:28.
[xlviii] Matthew 2:2.
[xlix] Qur’on 3:39.
[l] Matthew 3:1–2.
[li] Shaykh Aḥmad-i-Aḥsá’í and Siyyid Káẓim-i-Rashtí.
[lii] Qur’on 55:29.
[liii] Qur’on 51:22.
[liv] Qur’on 2:282.
[lv] Qur’on 55:56.
[lvi] Qur’on 2:87.
[lvii] Qur’on 25:25.
[lviii] Qur’on 25:7.
[lix] Qur’on 2:210.
[lx] Qur’on 44:10.
[lxi] Qur’on 3:119.
[lxii] The sixth Imám of the Shí‘ihs.
[lxiii] Qur’on 25:7.
[lxiv] Qur’on 4:45.
[lxv] Qur’on 2:75.
[lxvi] Qur’on 2:79.
[lxvii] Qur’on 24:35.
[lxviii] Qur’on 9:33.
[lxix] Qur’on 29:51.
[lxx] Qur’on 2:177.
ГЛОССАРИЙ
А
Анбиёлар – Оллоҳ Элчилари
аброр – эзгу ишларни амалга оширгувчилар
Абҳо – энг шукуҳли, энг шон-шуҳратли
анқо – афсонавий ноёб қуш
амин – ишончга эга бўлиш
арз – ер, замин
асфиё – сайланмиш зотлар, сайланган
ашрор – шарирлар, бадкирдорлар
Алҳамдулиллаҳи Раббил оламин – Оламларнинг Рабби бўлмиш Оллоҳга ҳамду санолар бўлсин
ағёр – душманлар, ётлар, ёрга қарши бўлганлар
асҳобалар – яқинлар, содиқ издошлар
азамат – улуғворлик, буюклик
Азалий Жамол – Оллоҳ Жамоли
Б
билъакс – аксинча
Билқис – Яман юрти ва маликасининг номи, Сабо, Шиба ҳам дейилади
ботил – фойдасиз, пуч, хато
ботин – ички, ичидан
безавол – ўчмас, ўлмас, сўнгсиз, туганмас
беҳишт – жаннат
бениҳоя – чек-чегарасиз
басират – ички ёришув (озарение)
В
вожиб – албатта ижро этилиши лозим бурч
ворид – кирмоқ, дохил
воқиф бўлиш – ҳамма нарсадан хабардор бўлиш
васф – сифатлаш, таърифлаш
ваҳдат – бирлик, бирдамлик
Г
гина – кек тутмоқ, ғаш
гўша – маскан, маъво
ганж, ганжина – қимматбаҳо тош, бойлик
Д
дохил бўлмоқ – кирмоқ
дудоқ – лаб
Ё
Ёнар Сидра – Мусога кўринган Ёнар бута
Ёритқичлар – Оллоҳ Элчилари, Мазҳарлари
Ж
жабарут – илоҳий анбиёлар макони, юксаклик
жавҳар – моҳият
жамол – чирой
жаҳд – саъй-ҳаракат қилмоқ
жоҳил – билимсиз, нодон
Жалол – шон, шуҳрат, шан
жаҳолат – билимсизлик
З
залолат – гумроҳлик, адашмоқлик
зоҳирий – ташқи, сиртдан
зиллат – камситилиш, хўрлик
зулмат – қоронғулик
забаржад – олтин ва зангори рангли қимматбаҳо тош
заҳмат – ташвиш
завол – йўқ бўлмоқ
И
иддао – даъво этмоқ,
инқитоъ – халос бўлиш, кўнгил боғламаслик, кўнгил узиш
исёнкор – исён кўтарувчи, норозилик кўрсатувчи
истисно – фақат шундан ташқари
ижозкор – ажойиб, мўъжаз, эъжозкор
илми зоҳир – ташқи илм
илми ботин – ички илм
К
кўланка – соя
кабир – буюк, катта
кофур – араблар ичимликка аралаштирадиган, хушбўйлик ва хуштаъмлик берувчи модда
кофур чашмаси – жаннатдаги камфора чашмаси
Каррубин – юксак мақомга эга фаришталар
Л
ломакон – аввали ва охири йўқ маконсизлик, ҳудудсизлик, илоҳият
лоязол – абадий, азалсиз
латиф – нозик
лаҳн – овоз оҳанги
М
мақсуд – қалб истаги, кўнгил мақсади
малакут – илоҳий самовот, юксак малаклар гўшаси, юксак самовий олам
матлуб – кўнгил истаги
Маъбуд – ибодатга лойиқ Зот
маъюс – умидни ва ишончни йўқотмоқ ҳолати
маҳфуз – ҳифз ва ҳимоя остида
мунис – яқин дўст
мунислик – яқин ишончли муносабатда бўлишлик, ҳамсуҳбатлик
Муҳаймин-ул Қайюм – бало қазода мададкор ва абадий бирубор
мушк-анбар – хушбўйлик, атир ҳиди
матлаб – мақсад
мазлум – хўрланган
машриқ – қуёш чиқар жой
мутавозеъ – такаббурлик ва манманликнинг акси бўлган сифат
муқаррар – аниқ
мухолиф – ёт, қарама-қарши
мақбул – маъқул, яхши
муҳташам – ҳашаматли
мутаносиб – мос
мужда – хушхабар
мискин – бечора, фақир
маҳв – ўлим, йўқлик, нобудлик
Мазҳарлар – Оллоҳ Элчилари
мусаллам – сўзсиз ҳақиқат, воқеълик
мажусийлар – зардуштларнинг мусулмонларда аталиши
Н
нор – дўзах оташи
нашъа – хушҳоллик
О
ораз – вужуд нурларининг мазҳари
оний – бир сониялик, бир онлик
Р
Рафиқ – дўст, маҳрам
ридо – узун устки кийим
розилик – қаноат қилиш, бор нарса билан рози бўлиш
Ризвон – жаннат боғи
риё – алдов, хиёнат
ружуъ – муккасидан тушмоқ, боғланмоқ
разиллик – пасткашлик
С
салсабил – беҳишт чашмаси
сарроф – яхшини ёмондан ажрата олувчи, нарса қийматини баҳоловчи, заршунос
сафо – руҳий айш
Садратул Мунтаҳо – йўл охирида ундан кейин йўл йўқлигини белгиловчи дарахт, инсоний онг ва тафаккур ета олмайдиган Илоҳий Зуҳур мақомини англатадиган рамз
соғар – қадаҳ, май солинадиган пиёла ёки идиш, орифнинг қалби
Соқий – маърифат, ҳақиқат бодасини улашувчи, барча мавжудотга файз берувчи, сархушлик улашувчи манбадир.
сайқал – тоза ялтирагунга қадар ишлов бериш
субҳоний – муқаддас
соҳа – ҳузур
сармоя – инвестиция
Т
Таборакаллоҳу аҳсанул ҳолиқин – Оллоҳга, Мукаммал Холиққа санолар бўлсин.
тавҳид – Оллоҳдан бошқа Илоҳ йўқлигига гувоҳлик бергувчи Қуръон калимаси
таслим – бас қилиш, ўзни тийиш
толиб – изланувчи
тавоф – зиёрат мақсадида эҳтиромли айланиш
таҳликали – хавфли
талвиҳ – рамзий белгилар
таҳриф -маъно бузилиб ўзгартирилиши
У
уфқ – горизонт
ун – сас, овоз
Ф
фирдавс – жаннат
фироқ – айрилиқ
фиғон – дод, нола, йиғи
фориғ – озод
Ҳ
Ҳалилуллоҳ – Ҳазрат Иброҳим
ҳирс – нафсни тия олмаслик
ҳаворийлар – Исо Масиҳнинг 12 шогирди, издоши (апостол)
Ш
ширк – Худога шериклик қўшганлар
шаҳват – жисмоний хоҳиш, ҳавас
шабнам – шудринг, кечаси гул баргида пайдо бўладиган томчи сув
шаън – ғурур
шажара -дарахт
шарир – ёмон иш қилувчи
Қ
қурб – яқинлик
қудсий – муқаддас
қашқир – бўри
қоний – қаноат қилмоқ
қабиҳ – пасткаш
Ғ
ғано – сарват, ирфоний бойлик
ғафлат – бепарволик, била-кўра туриб тушунмаслик, эътиборсизлик
ғубор – чанг-тўзон, ифлослик
Ғулом – ёш йигит
ғофил – руҳан уйқуда ётмоқ, бепарво
ғаний – бой
ғилоф – қин
ғайб – яширин
ғуфра – болохона, хонақоҳ (веранда)